Buxoro viloyatining Kogon shahri hamda Kogon tumani ichki ishlar organlari tomonidan joriy yilning olti oyi davomida amalga oshirilgan ish natijalari Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov huzurida muhokama qilindi
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov shahar va tumanlarga borib, hududiy ichki ishlar organlarining 6 oylik ish natijalarini muhokama qilib kelmoqda.
Navbatdagi manzil, Kogon shahri hamda Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limlari bo‘ldi.
Ushbu shahar va tuman IIB maʼmuriy binolarida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari va boshqa masʼul rahbarlar, shuningdek, mazkur hududiy ichki ishlar organlarining boshliqlari hamda barcha shaxsiy tarkibi ishtirokida joriy yilning olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar muhokamasi o‘tkazildi.
Muhokamalarda hisobot davrida sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabab va omillari, kelgusida “mahallabay” tizim asosida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, shaxsiy tarkib o‘rtasida ijro va xizmat intizomini mustahkamlash, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish bilan bog‘liq salbiy holatlarni oldini olish borasida ushbu tumanlarda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar birma bir tahlil qilindi.
Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan muhokama yig‘ilishlarida har bir masala yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglanib, masʼullarning yarim yillik ish natijalari birma-bir ko‘rib chiqilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yakunda, Kogon shahri hamda Kogon tumanining barcha mahallalarida kelgusi chorak davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritalarining manzilli ijrosini taʼminlash, ayniqsa qizil toifali mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida olib borilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni jadallashtirish, bundan tashqari, shaxsiy tarkib o‘rtasida ijro va xizmat intizomini mustahkamlash, qonuniylikka rioya qilish, bunda o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining masʼuliyatini yana-da oshirish borasida o‘zining bir qator tavsiya, ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.
Bu kabi muhokama yig‘ilishlari davom etmoqda.