Buxoro viloyatining Kogon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Qarori talablaridan kelib chiqib kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqib o‘rganildi
Viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshchiligidagi masʼullar bugun Kogon shahrida bo‘lib, dastlab 9-son umumtaʼlim maktabida o‘quvchilar davomatini raqamlashtirilgan tizim orqali nazorat qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan elektron platforma taqdimoti bilan tanishdilar.
Bunda, mazkur platformaning imkoniyatlari, ishlash mexanizmi, qulayliklari va mavjud kamchiliklari ko‘rib chiqilib, test rejimida ishlatilayotgan ushbu platforma o‘z samarasini bergan taqdirda viloyatning boshqa taʼlim muassasalarida ham joriy etish imkoniyatlari o‘rganildi va uni "Kundalik kom." dasturi bilan integratsiya qilish orqali yana-da takomillashtirish yuzasidan o‘zlarining tavsiya hamda takliflarini bildirdilar.
Bundan tashqari, ushbu maktabga kirish-chiqish joylarida hamda ochiq sport maydonlarini intellektual videokuzatuv kameralari bilan jihozlanganlik holati ham ko‘zdan kechirilib, ularni tezkor boshqaruv markaziga integratsiya qilish masalalari o‘rganildi.
Kogon shahar "Arabxona" mahallasida bo‘lgan mutasaddilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 1-sonli Qarori bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni joyiga borib ko‘zdan kechirdilar.
Jarayonda ushbu mahalla yettiligi bilan uchrashgan masʼullar, mazkur hududda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik va jinoyatning kelib chiqish sabablari, ularga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilib, bartaraf etish bo‘yicha bugungi kunga qadar mahalla masʼullarining taalluqli idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirgan ishlari, yo‘l qo‘ygan tizimli kamchiliklari ham tahlil qilindi.
Kogon shahar hokimligi majlislar zalida 22 ta mahalla yettilik vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda PQ-1-son Qaror talablari asosida joriy yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan yo‘l xarita bandlarining ijrosi birma-bir muhokama qilindi.
Jumladan, shahar mahallalarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar, shart-sharoitlar ham chuqur tahlillar asosida tanqidiy ko‘rib chiqilib, masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan taʼsir choralari qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, ikkinchi chorakka mo‘ljallangan yo‘l xarita bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning borishi yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglanib, galdagi vazifalar yuzasidan manzilli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shu kuni Kogon shahar Ichki ishlar bo‘limi Probatsiya bo‘limi nazorati ostida turgan shaxslar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Bunda aynan ushbu toifa shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishini va sud tomonidan belgilab berilgan cheklovlarni buzish bilan bog‘liq holatlarni oldini olishga doir umumiy hamda yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazilib, profilaktik ogohlantiruv, targ‘ibot xususiyatiga ega bo‘lgan muloqot davomida nazorat ostidagi shaxslarning muammolari o‘rganilib, yechimi yuzasidan masʼul rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i birgalikda profilaktika inspektorlari bilan ham ochiq va konstruktiv xususiyatga ega bo‘lgan muloqot o‘tkazdilar. Bunda xodimlarning xizmat uyi, xizmat xonasi va zaruriy jihozlar, texnika, maxsus vositalar bilan taʼminlanganlik holati hamda xizmat faoliyati davomida duch kelayotgan muammolari birma-bir o‘rganilib, ularni bartaraf etishga doir aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bu kabi o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari tasdiqlangan reja asosida viloyatning qolgan barcha shahar va tumanlarida o‘tkazib boriladi.