2 May 2025 yil 1102

Buxoro viloyatining eng olis hududi hisoblangan Olot tumanida davlatimiz rahbarining PQ-1-son Qarori ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqib o‘rganildi

"Jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish va fuqarolar uchun xavfsiz muhitni yaratish – bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi Qarori bu boradagi ishlarni yana-da jadallashtirdi. Mazkur qarorda hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Ichki ishlar organlari xodimlari hamda hamkor tashkilotlar masʼullarining zimmasiga bir qator vazifalar yuklangan.

Bugun, bu borada Olot tumanida qanday ishlar amalga oshirilyapti. Yuzaga kelayotgan muammolar nimalardan iborat. Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi masʼullarning tumanda olib borgan o‘rganishlarida aynan ushbu masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Masʼullar dastlab Maʼrifat mahallasida bo‘lishdi. Bu yerda ushbu Qaror hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 801-sonli qarori talablari asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktik tadbirlarning natijadorligi, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar birma-bir muhokama qilindi.

Shu bilan birga "Namunali xavfsiz ko‘cha” va “Namunali xavfsiz yo‘lak” larni tashkil qilish, belgilab olingan nuqtalarga intellektual videokuzatuv kameralarini o‘rnatib "Tezkor boshqaruv Markazi"ga integratsiya qilish, ijtimoiy hamda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va xonadonlarni qo‘riqlovga olish va tashvish signallarini o‘rnatish borasida olib borilgan ishlar ham o‘rganildi.

Ushbu mahallada faoliyat olib borayotgan 1-son umumiy o‘rta taʼlim maktabida amalga oshirilgan o‘rganishlar davomida esa, o‘quvchilarning kundalik davomatini nazorat qilish, voyaga yetmaganlarni turli yod g‘oyalar taʼsiriga tushib qolishdan asrash, narkotik va psixotrop moddalar isteʼmoli va uni tarqatish bilan bog‘liq sodir etilayotgan jinoiy tajovuzlardan saqlash, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik, o‘tkir tig‘li jismlarni yonida olib yurishning og‘ir oqibatlari yuzasidan o‘tkazilgan tushutirish va targ‘ibot ishlari, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida taʼlim maskani masʼullarining olib borayotgan saʼy-harakatlari, mavjud muammolar va shart-sharoitlar birma-bir ko‘rikdan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilarning xavfsizligini taʼminlash, PQ-1-son qaror bo‘yicha maskanga kirish-chiqish joylarida hamda ochiq sport maydonlarining intellektual videokuzatuv kameralari bilan jihozlanganlik holati ham ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manzilli choralar belgilab olindi.

O‘rganishlar yakunida Olot tumani hokimligida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Bunda joriy yilning 22-29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida olib borilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi.

Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan yig‘ilishda masʼul rahbar hamda xodimlarning har biri bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan sohaviy xizmatlar kesimida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlari tinglanib, qo‘pol va tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan masʼullarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Jarayonda, joriy yilning bugungi kuniga qadar tuman hududida qayd etilgan huquqbuzarlik hamda jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, omil bo‘lgan shart sharoitlar, jinoyatlarning turlari, sodir etgan shaxslarning toifalari kesimida chuqur tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Bu kabi o‘rganishlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom etmoqda.

Text to speech