13 Iyul 2024 yil 1499

Buxoro viloyatining Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlari ichki ishlar organlari tomonidan joriy yilning yarim yilida amalga oshirilgan ish natijalari boshqarma boshlig‘i Ikromjon Tursunov huzurida sarhisob qilindi

Bugun, Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlari Ichki ishlar bo‘limlarida boshqarma boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligida, boshqarma boshlig‘ining taalluqli o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari va boshqa masʼul rahbarlar ishtirokida, mazkur tumanlar hududiy ichki ishlar organlarining boshliqlari hamda barcha shaxsiy tarkibi tomonidan joriy yilning olti oyi yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilishlar o‘tkazildi.

Muhokamalarda ushbu tumanlarning hududlarida joriy yilning olti oyi davomida sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabab va omillari, kelgusida "mahallabay" tizim asosida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, shaxsiy tarkib o‘rtasida ijro va xizmat intizomini mustahkamlash, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish bilan bog‘liq salbiy holatlarni oldini olish borasida har bir tumanda masʼul rahbarlar tomonidan yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar birma bir tahlil qilindi.

Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan muhokama yig‘ilishida har bir masala yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglanib, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tuman (shahar) larga masʼul etib biriktirilgan sohaviy xizmatlar rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va boshqa mutasaddilarning yarim yillik ish natijalari birma-bir ko‘rib chiqilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlar va masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarni qo‘llash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Har bir yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlarida kelgusi 3-chorak davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritalarining manzilli ijrosini taʼminlash, ayniqsa qizil toifali mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida keng qamrovli profilaktik tadbirlarni jadallashtirish, bundan tashqari, shaxsiy tarkib o‘rtasida ijro va xizmat intizomini mustahkamlash, qonuniylikka rioya qilish, bunda o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining masʼuliyatini yana-da oshirish borasida o‘zining bir qator ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.

Berilgan topshiriqlarning ijrosi esa alohida nazoratga olindi.

Bu kabi muhokama yig‘ilishlari tasdiqlangan grafik asosida boshqa hududiy ichki ishlar organlarida ham o‘tkaziladi.

Text to speech