Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani hududlarida jinoyatchilikning «mahallabay» muhokamasi o‘tkazildi.
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati hududida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi manzilli ishlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida jinoyatchilikning "mahallabay" muhokamasi o‘tkazilishi yuzasidan "Buxoro tajribasi" yaratilgan.
Jumladan, bugun ham jinoyatchilikning navbatdagi «mahallabay» muhokamasi Qorako‘l tumanining kriminogen vaziyati bir muncha og‘irlashgan «Qorahoji» hamda “Jig‘achi” mahallalari aholisi va jamoat faollari ishtirokida o‘tkazildi.
Muhokamada viloyat prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosarlari, huquq-tartibot organlari masʼullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiyasiga aʼzo tashkilotlar mutasaddilari hamda ushbu mahallalar “yettilik” vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur muhokama yig‘ilishida, tumanning ushbu ikkala mahallalarida vujudga kelgan kriminogen vaziyat, hududda sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, keng jamoatchilik vakillari, korxona va tashkilot hamda mahalla masʼullariga “Buxoro viloyati hududida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirish to‘g‘risida” gi Qo‘shma qaror talablaridan kelib chiqib, joriy yilning 10 iyun kunidan 10 iyul kuniga qadar o‘tkazilishi belgilangan “Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” tadbirlarini samarali tashkil etish yuzasidan birinchi navbatda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy profilaktik tadbirlar xususida zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.