22 May 2025 yil 1387

Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida Prezident qarori ijrosini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish va xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kuni qabul qilingan “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyatida huquq-tartibot va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda jamoatchilik bilan hamkorlikda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligidagi masʼullar joylarda o‘rganishlar olib borib, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va tizimli kamchiliklarni tanqidiy tahlil asosida muhokama qilib kelmoqda.

Ana shunday navbatdagi o‘rganish tadbirlari Qorovulbozor tumanida ham o‘tkazildi.

O‘rganishlar doirasida dastlab Navbahor mahallasi “yettilik” vakillarining faoliyati, jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan chora-tadbirlari tahlil qilindi. Mahallada amalga oshirilayotgan “Raqamlashgan, obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi asosidagi ishlar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining Qarorida belgilangan vazifalarning amaliy ijrosi, aholi bilan profilaktik ishlarning samaradorligi, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kompleks yondashuvlar ko‘zdan kechirildi.

Jarayonda “Buxoro tajribasi” asosida profilaktika katta inspektorlarining xizmat faoliyatida foydalanishlari uchun berilgan dronlarni profilaktik tadbirlar davomida keng qo‘llash amaliyoti ham ko‘rib chiqildi.

Mahallada faoliyat olib borayotgan “Besh tashabbus” markaziga tashrif doirasida yozgi taʼtil davomida maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.

Ushbu markazning faollar zalida mahalla oqsoqollari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, hududda mavjud ijtimoiy muammolar muhokama qilindi hamda ularni hal etish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha Ichki ishlar bo‘limida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda joriy yilning 22–29 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi yakunlari asosida berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi.

Tanqidiy-tahliliy, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan yig‘ilish davomida tuman IIB sohaviy xizmatlari rahbarlarining hisobotlari eshitilib, joriy yilning o‘tgan davrida tuman hududida qayd etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ularning kelib chiqish sabablari, omillari, sodir etgan shaxslarning toifalari kesimida tahlil qilindi.

Bundan tashqari Ichki ishlar vazirining tegishli farmoyishi asosida Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Qoradori-2025” hamda viloyat IIB boshlig‘ining farmoyishi bilan o‘tkazilayotgan “Nazorat” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar ham birma bir ko‘rib chiqildi.

Galdagi masala, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash borasida ham profilaktik ogohlantiruv hamda tushuntirish ishlari ham olib borilib, xizmat faoliyati davomida salbiy ko‘rsatgich qayd etgan ayrim xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash, samarali faoliyat yuritgan xodimlarni esa rag‘batlantirish borasida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Buxoro viloyatida shunga o‘xshash keng qamrovli profilaktik tadbirlar va tahlil asosidagi amaliy ishlar izchil davom ettiriladi.

Bu esa joylarda jinoyatchilikning oldini olish, aholi bilan samarali muloqotni kuchaytirish va xavfsiz muhitni taʼminlashga xizmat qiladi.

Text to speech