11 Iyul 2023 yil 639

Buxoroda bir kunda 3 ta oʻgʻirlik jinoyati fosh etildi

Nomaʼlum shaxs boshqa bir fuqaroning Buxoro shahar “G‘ijduvoniy” mahallasidagi yashash xonadoni ro‘parasida joylashgan ekin yer maydonida unga tegishli, bir bosh, bahosi 6 mln. so‘mlik qoramolning qarovsiz bog‘lab ketilganidan foydalanib, yashirin ravishda talon-toroj qilgan va jabrlanuvchiga moddiy zarar yetkazgan holda hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan shahar IIO FMB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni, jabrlanuvchining mahalladoshi 1997-yilda tug‘ilgan R.Sh. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan.

Ikkinchi holatda, nomaʼlum shaxs o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida Qorovulbozor tumani “Navbahor” mahallasi hududida joylashgan “Natural fructis” MCHJga qarashli dala yerida boshqa bir fuqaroga tegishli bo‘lgan jami bahosi 9 mln. so‘m bo‘lgan, bir bosh sigiri va buzog‘ini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni G‘ijduvon tumani “Soktari” mahallasida yashovchi 2002 yilda tug‘ilgan I.Y. va 1991-yilda tug‘ilgan U.F. hamda Qorovulbozor tumanining “Jarqoq” mahallasida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan, Q.A. va 2001-yilda tug‘ilgan J.J. ismli jami 4 nafar shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib sodir qilganligi fosh etildi.

Holat bo‘yicha 1 bosh sigir daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.

Shuningdek, navbatdagi holatda nomaʼlum shaxs Buxoro shahar Alpomish ko‘chasida yashovchi fuqaroga tegishli zargarlik do‘konga mijoz sifatida kelib, do‘kondan 2 dona bahosi 3.500.000 so‘mlik tilla uzuk, 1 dona bahosi 700.000 so‘mlik tilla zirak, 1 dona bahosi 240.000 so‘mlik ayollar kumush uzugi va 1 dona bahosi 160.000 so‘mlik erkaklar kumush uzugini o‘g‘irlab, jabrlanuvchiga jami 4.600.000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Buxoro shahar A.Jomiy ko‘chasida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan A.N. ismli shaxs sodir etgani aniqlangan.

Hozirgi kunda ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorliklarini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech