Buxoroda davlatimiz rahbarining Afv to‘g‘risidagi Farmoniga asosan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning bandligini taʼminlash borasida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 8-apreldagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq bir qator mahkumlar Afv etildi.
Ular orasida Buxoro viloyatidan jami 26 nafar, jumladan, 9 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan, 17 nafari esa Probatsiya hisobida turib jazoni o‘tayotgan shaxslar jazodan qisman va to‘liq ozod qilindi. Shular orasida G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro ham jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Tuman IIB masʼullari tomonidan boshqa tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda Afv etilgan fuqaroning mavjud muammolari o‘rganilib, murojaatlari tinglandi va unga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shu bilan birga Farmon ijrosi yuzasidan ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan ham alohida choralar belgilab olindi.