16 May 2024 yil 935

Buxoroda fuqarolarning soddaligidan foydalanib ularga nisban yangi turdagi firibgarlik jinoyatini sodir qilgan jinoiy guruh fosh etildi

2024 yilning 30 aprel kuni nomaʼlum shaxslar qasddan jinoyat sodir qilish yo‘liga o‘tib, bir guruh bo‘lib, oldindan vazifalarni taqsimlab, o‘zaro jinoiy til biriktirib, o‘zganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan egallash maqsadida, Buxoro tumanining Gala Osiyo shaharchasida yashovchi fuqaroning telefon raqamiga telefon qilib, o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlovchi katta tergovchi sifatida tanishtirib, uning qizi sababli yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganligi oqibatida boshqa bir haydovchi og‘ir tan jarohati olib kasalxonada davolanayotganligini va uning ahvoli og‘ir bo‘lib, unga bir necha jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun 10.000 AQSH dollari miqdorida pullar zarurligini, aks holda qizi uzoq muddatga qamalib ketishini aytib qo‘rqitib, zarur pullarni olish uchun o‘zining yordamchi tergovchisini yubortirib ishni bartaraf qilishga ishontirgan.

Ushbu nomaʼlum shaxs nomidan yubortirilgan jinoiy sherigi ayoldan 7.000 AQSH dollari, 12.000.000 so‘m va 27.770 Rossiya Federatsiyasi rublini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan texnik va tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni 1985 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyatida yashovchi M.A. ismli shaxs o‘zining Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan sheriklari bilan oldindan jinoiy til biriktirib sodir qilganligi aniqlangan.

Shuningdek, ushbu jinoiy guruh aʼzolari tomonidan 2024 yilning 1 may kunidan 10 may kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘idan Farg‘ona viloyati hududida ham xuddi shu turdagi 6 ta jinoyatlar sodir etilganligi fosh etilgan.

Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyatimiz qolaversa butun respublikamiz hududi bo‘ylab sodir etilgan va fosh etilmasdan qolayotgan shu va boshqa turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan texnik, tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech