26 Dekabr 2023 yil 1394

Buxoroda giyohvand moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga doir jinoyatlarning oldi olindi

Giyohvandlik bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan dolzarb muammolardan biri. Shu bois Mamlakatimizda giyohvand moddalarning tarqalishi va ular ustidan nazorat o‘rnatish borasida keskin va murosasiz yo‘l tanlangan. Lekin shunga qaramasdan o‘zining qabih niyatlarini amalga oshirayotgan og‘ufurushlar va uni saqlab kelayotganlar ko‘plab uchramoqda. Eng achinarlisi, undan mo‘may daromad topishni niyat qilgan, bila turib jirkanch ishga qo‘l urayotganlar qancha.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida farmoyishi asosida viloyatning barcha shahar va tumanlarida "Giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish" borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan keng jamoatchilik bilan birgalikda bir qator manzilli profilaktik hamda tezkor tadbirlar amalga oshirmoqda.

Mana shunday tezkor tadbirlar davomida Jondor tumanida giyohvandlik moddalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish borasidagi bir necha jinoiy holatlar fosh etildi.

Jumladan, olingan tezkor maʼlumot asosida 2023 yilning 23 dekabr kuni  soat 7:30 larda tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Xumdonak mahallasida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan N.Q. ismli shaxsning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, mehmonxonasidagi shkaf tortmasida ikki dona qog‘oz o‘ramidagi, quritilgan, Buxoro viloyat IIB EKMning  kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra sof vazni 8,4 grammga teng bo‘lgan “ozginadan ko‘proq” miqdordagi “marixuana” giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Ikkinchi holatda, aynan shu kuni 7:40 larda  Jondor tuman IIB xodimlari tomonidan tumanning Tinchlik mahallasida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan A.A. ismli shaxsning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, hovlisining tom qismida bir dona “spichki” yozuvli gugurt qutiga joylangan va bir dona qog‘oz o‘ramidagi, quritilgan, kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra sof vazni 3,36 grammga teng bo‘lgan “ozginadan ko‘proq” miqdordagi “marixuana” giyohvand vositasini saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Har ikkala holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar giyohvandlik hamda psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish o‘ta jirkanch qilmish va og‘ir jinoyatdir.

Kelgusida hayotingiz, sog‘lig‘ingiz, mol-mulkingizni turli jinoiy tajovuzlardan asrab avaylash, har qanday jinoyatning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi giyohvandlik deb ataluvchi illatdan jamiyatni xoli qilish uchun yuqoridagi kabi holatlar to‘g‘risida biror bir maʼlumotga ega bo‘lsangiz, zudlik bilan 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga borib xabar berishingizni so‘rab qolamiz.

Kimda kim shu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar to‘g‘risida maʼlumot bersa, o‘sha fuqaro ichki ishlar boshqarmasi tomonidan rag‘batlantiriladi va sizning shaxsingiz maxfiy saqlanadi.

Hamkorligingiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.

Text to speech