20 Yanvar 2024 yil 1922

Buxoroda “Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi yakunlandi

Bugun, 20 yanvar kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazida “Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy teleradiokompaniya, respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazining 2023 yil 28 avgust kunidagi qo‘shma qaroriga asosan hamkorlikda tashkil etilgan bu tadbirda ichki ishlar boshqarmasi rahbaoriyati va viloyat hokimligi mutasaddilari, mahalla raislari va hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z olganlar “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda osoyishta va xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarlik sodir etgan yoki jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan fuqarolar bilan tizimli ishlash, yoshlar bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali yo‘lga qo‘yish borasidagi saʼy-harakat xususida to‘xtaldilar.

Mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan profilaktika inspektorlari, fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, shuningdek, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor, inspektor-psixolog, yo‘l-patrul xizmati inspektori, probatsiya xizmati inspektori, sektor rahbari va jamoat tashkilotlarining vakillari o‘rtasida murosasiz kechgan “Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida bir nechta nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Xususan, “Eng faol sektor rahbari”, “Eng faol mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng faol hokim yordamchisi”, “Eng namunali xotin-qizlar faoli”, “Eng faol xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor”, “Eng faol yoshlar yetakchisi” kabi yo‘nalishlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar taqdirlandi.

“Namunali mahalla huquq-tartibot maskanlari” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli uchinchi o‘ringa G‘ijduvon tumani “Paxtaobod” MFY huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori Jamol Shodiyev loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Vobkent tumanidagi “Charmgaron” MFY profilaktika inspektori Jahongir Artikovga nasib qildi. Hakamlar hayʼati yakdil qarori asosida ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallagan Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” MFY profilaktika inspektori Shaxobiddin Ismoilov esa nufuzli tanlovning respublika bosqichida viloyatimiz shaʼnini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlarga faxriy yorliq va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir viloyatimiz sanʼat ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.

Text to speech