Buxoroda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida faoliyat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining jamoatchilik nazorati subyektlari bilan hamkorlik masalalari yuzasidan treninglar o‘tkazilmoqda
Maʼlumki, bugungi kunda ichki ishlar organlari xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan, faoliyati ochiq va shaffof, jamiyatning deyarli barcha jabhalarida ishtirok etadigan tizim hisoblanadi. Shunday ekan, tizim xodimlarining faoliyatiga jamoatchilikning eʼtibori kundan kunga ortib bormoqda.
Ayniqsa kundalik xizmat faoliyati davomida aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot va munosabatga kirishib ishlaydigan sohaviy xizmatlarning jamoatchilik nazorati subyektlari bilan hamkorlik masalalari, bunda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Shu sababli Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi, Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuxrat Jalolov hududlarda bo‘lib, xodimlarning ochiqlik sharoitida xizmat olib borish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish maqsadida nazariy va amaliy treninglar o‘tkazmoqda.
Jumladan, bugun, 26-iyul kuni boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi apparati, safarbarlik guruhi inspektorlari bilan uchrashib xodimlarning xizmat jarayonida duch kelayotgan masalalari, ularni qiynab yurgan muammolarni o‘rgandi.
Jamoatchilik vakillari bilan muloqot chog‘ida o‘zaro huquq va majburiyatlar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berib, Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan “Axborot makonida suiisteʼmolchiliklarga barham berish yoxud ochiqlik sharoitida xizmat olib borish” nomli o‘quv filmi namoyishini o‘tkazdi.
Mazkur tadbirlar viloyatning barcha hududlarida davom ettirilishi rejalashtirilgan.