Buxoroda uch avlod vakillari uchrashdi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nafaqadagi faxriy ayollar, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan shahodatlangan xodimalar hamda IIV Buxoro akademik litseyi o‘quvchi-qizlari ishtirokida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda “Ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash to‘g‘risida”gi tegishli farmoyish ijrosi yuzasidan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Nargiza Mirjalolova ishtirok etib, sohada xizmat qilayotgan ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.
O‘tkazilgan yig‘ilishda isteʼfodagi podpolkovnik G.Qodirova, mayor M.Ikramova, IIV Tibbiyot boshqarmasi bosh mutaxassis shifokori mayor N.Muxamedaliyeva, serjant A.Raximovalar so‘zga chiqib, yosh xodimlarga o‘z hayotiy tajribalari haqida gapirib berdilar.
Tadbir davomida ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning ish samaradorligini oshirish, o‘z ustida ishlash va xizmat burchiga bo‘lgan ishtiyoqini yana-da oshirish maqsadida Buxoro davlat Universiteti psixologiya kafedrasi katta psixologi Dilafruz Ismatova tomonidan “Oila qalb taskin topuvchi-xotirjamlik maskani” mavzusida psixologik trening ham o‘tkazildi.
Treningda soha mashaqqatli va sharafli kasb egalarining fuqarolar bilan qanday muomalada bo‘lish, farzand tarbiyasi, ish jarayonida uchraydigan muammolarni hal qilish borasida zarur bilimlarga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, yaunda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan bir guruh shahodatlangan xotin-qizlarga viloyat IIBning tashakkurnomasi, faxriy xodimalarga esdalik sovg‘alari berildi.
Tadbirda yuqori natijalarga erishib, safdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan bir guruh faol xodimalar munosib taqdirlandi.
Uch avlod uchrashuvidan so‘ng mehmonlar Buxoro viloyati IIB Tibbiyot bo‘limi poliklinikasi hamda IIV Buxoro akademik litseyi va “Yulduzcha” nomli MTTda ham bo‘lib, bunda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.