16 Oktyabr 2022 yil 677

Buxoroda voleybol bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasining mintaqa bosqichi o‘tkazildi

Davlatimiz rahbarining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni sportga keng jalb etish va ular salomatligini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu o‘rinda, xodimalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar ishtirokida joriy 2022 yildan boshlab har yili sportning voleybol turi bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqasi o‘tkazilishi belgilandi.

Jumladan, mazkur musobaqalarning uchinchi yaʼni hududlararo bosqichlari boshlandi. Buxoro shahrida Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari va Jizzax, Samarqand, Navoiy hamda mezbon sifatida ishtirok etgan Buxoro viloyatlari IIBda xizmat qilayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha guruh bahslari o‘tkazildi.

Musobaqaning ochilish marosimida Buxoro viloyati IIB masʼullari so‘z olib, barcha qatnashchilarga zafarlar tilashdi.

Shundan so‘ng hakamlar hayʼati hamda tashkilotchilar tomonidan musobaqaga qatnashish maqsadida tashrif buyurgan jamoalardan iborat xodimalar tanishtirildi va ishtirokchilarga o‘yin shartlari tushuntirildi. So‘ngra musobaqaga start berildi va unda jamoalar bor kuch-g‘ayratini ishga solib, shiddat bilan o‘zaro o‘yinlarga kirishdi.

Qizg‘in va murosasiz jarayonlarga boy bo‘lgan bellashuvlar yakunida musobaqa g‘oliblari aniqlandi. Bunda, faxrli birinchi o‘rinni esa IIV Qorovul qo‘shinlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa Jizzax viloyati IIB xodimalariga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni Buxoro viloyati IIB vakillari egallashdi.

G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mazkur musobaqalar jismoniy salomatlik va samimiy do‘stlik ramzi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.

Text to speech