Viloyat bozorlarida karantin va sanitariya qoidalariga qay darajada rioya qilinmoqda?
Yurtimiz bozorlari dehqonlarimiz yetishtirgan noz neʼmatlarga to‘la. Ayni pishiqchilik hamda aholining kundalik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar zaxirasi yaratilgani as qotyapti.
Bozorlarda xaridor va sotuvchilar uchun birday qulaylik yaratish, narx-navo barqarorligini taʼminlash maqsadida bir qator manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, xo‘sh, karantin va sanitariya-gigiyena talablariga ham rioya qilinyaptimi?
Xuddi shu maqsadda tegishli masʼul idoralar hamkorligida viloyatimizdagi bozorlarda hududida maxsus sanitariya tadbirlari o‘tkazilmoqda. Maqsad, sanitariya gigiyena qoidalariga amal qilinishini taʼminlash, tegishli veterinariya hujjatlarisiz go‘sht, sut va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari savdosining oldini olish hisoblanadi.
Keling, Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar masʼullari bilan hamkorlikda viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan bozorlarda o‘tkazilgan karantin tadbirlari doirasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilsak.
Viloyatda jami 24 ta bozor mavjud bo‘lib, Buxoro shahrida 3 ta, Kogon shahrida, Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku, Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon, Qorovulbozor va Buxoro tumanlarida 1 tadan dehqon bozorlari hamda Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku, Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon, Kogon va Buxoro tumanlarida 1 tadan hayvon (mol) bozorlari faoliyat olib bormoqda.
Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi xodimlari hamda veterinariya xodimlari bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat hududidagi dehqon bozorlarida jami 510 marotaba, hayvon (mol) bozorlarida 34 marotaba, boshqa savdo obyektlari va yarmarkalarda 159 marotaba profilaktik va nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan profilaktik-nazorat tadbirlari davomida 239 nafar veterinariya, sanitariya-qoidalari va normalarini buzgan fuqarolar aniqlanib, ularning 56 nafariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 109-moddasi (Veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish)ga asosan va 183 nafariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 53-moddasi (Sanitariya qonunchilikni buzish)ga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Olib borilgan tadbirlar davomida jami 5365 kg isteʼmolga yaroqsiz (kelib chiqishi aniq bo‘lmagan) go‘sht, 2599 kg sut va sut, 1908 kg baliq, 3112 kg tuzlamalar, 4647 kg nomaʼlum sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat hamda 2403 dona tuxum kabi mahsulotlarining isteʼmolga yaroqsiz ekanligi aniqlanib, savdodan olib qo‘yildi va tegishli tartibda yo‘q qilish choralari ko‘rildi.
Jarayonda karantin va sanitariya qoidalarini targ‘ib qilish bo‘yicha 139 marotaba ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar, savdo xodimlari bilan uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilgan.
Biroq, olib borilayotgan sanitar-profilaktik tadbirlar va tushuntirish ishlariga qaramasdan joylardagi dehqon bozorlarining sanitariya ahvoli, sotuvchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini turli joy va sharoitlarda savdo qilish, sotuvchi va xaridorlarga shart sharoitlar yaratib berish o‘z holiga tashlab qo‘yilgani taʼbni xira qiladi.
Shuningdek, shahar-tumanlarda qassoblar tomonidan uy sharoitida turli xil kasalliklarga chalingan hayvonlarni yashirin ravishda so‘yib, go‘shtini aholi isteʼmoli uchun sotishga bo‘lgan urinishlarning uchrayotgani achinarli holatdir.
Shu jumladan, Buxoro shahar Qizilqum ko‘chasida yashovchi fuqaro S.B. ismli shaxs yashash manzilida qo‘lbola usulda yasalgan muzlatgich ichida jami 543 kg. kelib chiqishi hayvonotga mansub go‘sht mahsulotini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, uning isteʼmolga yaroqli ekanligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda, laboratoriyaning 2023-yil 24-may kunidagi tegishli xulosasiga ko‘ra ushbu go‘sht mahsuloti isteʼmolga yaroqsiz ekanligi aniqlandi va “Slaster Emir parranda”ga qarashli veterinariya sanitariya chiqindi zavodiga topshirildi.
Shuningdek, joriy yilning 27-may kuni Qorako‘l tumani “Darg‘ali” mahallasida yashovchi fuqaro T.A. ga tegishli bo‘lgan muzlatgich ichidan jami 153 kg kelib chiqishi nomaʼlum hayvonotga mansub go‘sht laboratoriya xulosasi chiqqanga qadar Qorako‘l tumanidagi “Shofirkon Gavhari” MCHJga tegishli bo‘lgan muzlatgichga joylashtirilib, tekshiruvlar olib borilganda, laboratoriyaning 2023-yil 1-iyun kunidagi xulosasiga ko‘ra ushbu go‘sht mahsuloti ham isteʼmolga yaroqsiz ekanligi aniqlangan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yilning 22-may kunidan 3-iyun kuniga qadar Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon bozorlarining sanitariya holati o‘rganilib qator kamchiliklar aniqlangan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan shahar-tumanlar hokimlariga taqdimnomalar kiritilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi barcha fuqarolarni hushyorlikka chorlaydi.
Oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini xarid qilayotganda o‘ta ehtiyot bo‘lishlarini, mahsulotlarning yaroqlilik muddati va boshqa talablarga javob berish bermasligini sinchkovlik bilan o‘rganib, sotuvchidan mahsulotning sanitariya meʼyorlariga rioya qilingan holda tayyorlanganligi va saqlanayotganligini tasdiqlovchi sifat sertifikatni so‘rashni unutmang. Ogoh bo‘ling!