Buxoro shahrida kriminogen vaziyati og‘ir mahalla jinoyatchiligi joyida muhokama etildi
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddi rahbarlari tomonidan hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilik holati joyida muhokama qilib borilmoqda.
Jumladan, kuni-kecha 21-oktyabr kuni jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev boshchiligidagi mas’ullar va mahalla mutasaddilari ishtirokida Buxoro shahar “Hamid Olimjon” mahallasida o‘tkazildi.
Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar jami 5 ta, shundan 1 ta firibgarlik, 1 ta o‘g‘irlik, 1 ta giyohvandlik vositasini saqlash hamda 1 ta og‘ir va 1 ta yengil tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, kriminogen vaziyati og‘ir mahalla toifasiga kiritilgan.
Muhokama jarayonida mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi. Jinoyatlarning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi.
Mahallada kelgusida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida, “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, hududiy IIBning tajribali xodimlaridan iborat yig‘ma otryad faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.