6 Avgust 2023 yil 676

Buxoro shahrida mahalla jinoyatchiligi boshqarma boshlig‘i tomonidan joyida muhokama etildi

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifali mahallalarga borib, jinoyatchilik holatini joyida muhokama qilib bormoqda.

Jumladan, kuni-kecha jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan viloyat IIB mutasaddilari, shahar hokimligi, qator masʼullar va mahalla mutasaddilari ishtirokida Buxoro shahri “Otbozor” MFYda o‘tkazildi.

Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar 3 ta o‘g‘irlik hamda 1 ta shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, “qizil hudud” toifasiga kirgan ushbu mahalladagi jinoyatlarning sabab va kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilindi.

Boshqarma boshlig‘i tomonidan masʼullar ishtirokida o‘tkazilgan muhokama jarayonida mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi.

Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida sektor rahbari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa masʼul idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Mahallada kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi, ayniqsa oila turmush doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech