Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Oriyat” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davomida fohishaxona saqlash bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida Farmoyishi bilan viloyat bo‘ylab aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar, xususan teri tanosil, OIV hamda OITS kasalliklarining tarqalishini, shuningdek, axloq-odob doirasidagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish hamda bu sohadagi jinoyatlarga qarshi keskin kurashish maqsadida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda “Oriyat” maxsus tezkor profilaktik tadbiri harakatga keltirilgan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlarining hamkorlikdagi tezkor tadbiri davomida Jizzax viloyati Jizzax shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan x.S. ismli ayol Buxoro shahar "Piridastgir" mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uyning o‘zi ijaraga olgan xonadonlaridan birida fuqarolar M.M. bilan I.N. hamda yana bir “juftlik” H.M. va Sh.Sh.larning jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berib, buning evaziga ulardan 1.400.000 (bir million to‘rt yuz ming) so‘m pullarni olib, fohishaxona tashkil qilganligi aniqlangan.
Xuddi shu kabi navbatdagi tezkor tadbir davomida Buxoro shahar "Ko‘ksaroy" ko‘chasida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan M.A. ismli erkak, Buxoro shahar "t.Farog‘iy" ko‘chasida joylashgan o‘z uyida o.U. bilan N.A.larga jinsiy aloqa qilishlari uchun shart-sharoit yaratib berib, evaziga ulardan 200.000 (ikki yuz ming) so‘m pul olib, fohishaxona tashkil qilganligi fosh etilgan.
Mazkur ikkala holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK ning 131-moddasi tegishli bandlariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.