Buxoro shahrida transport vositasini olib qochgan shaxs ushlandi
2019 yil 04 dekabr kuni soat 17:05larda o'zini Qorako'l tumanida yashovchi 38 yoshli R.Z deb tanishtirgan ayol Buxoro shahar IIO Fmbga telefon orqali Damas rusumli 80 X 014 LA davlat raqam belgili avtomashinasini noma'lum shaxs olib qochganligini bildirgan.
Ma'lum bo'lishicha, fuqaro R.Z shu kuni Buxoro shahrida joylashgan, fuqaro T.R.ga tegishli avtoservisda Damas avtomashinasini ta'mirlash uchun qoldirgan. Ta'mirlash ishlari tugagach ustaxonadan avtomashinani olib chiqib, yo'l yoqasida ishlab turgan (yoniq) holatda qo'yib, o'zi esa ta'mirlash uchun kelishilgan pullarni kiritib berishga borgan. Qaytib kelganida esa avtomashina qoldirib ketilgan joyda yo'qligini ko'rgan.
Ushbu avtomashinani aniqlash maqsadida viloyat miqyosida "to'sib ushlash" rejasi harakatga keltirilib, zudlik bilan avtomashinani qidirib topish ishlari tashkil etildi.
Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida ushbu jinoyatni G'ijduvon tumani Buktaroy mahallasida yashovchi, 2 nafar farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, 1968 yilda tug'ilgan V.T mast holda sodir qilganligi aniqlangan va avtomashina uning uyidan hujjatlashtirib olingan.
Ushbu holat yuzasidan V.T.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.