5 Oktyabr 2022 yil 634

Buxoro shahridagi “qizil toifali” mahalla jinoyatchiligi muhokama etildi

Xabaringiz bor, viloyat 3-sektor rahbari, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifali mahallalarga borib, jinoyatchilik holatini joyida muhokama qilib bormoqda.

Jumladan, bugun, 5 oktyabr kuni jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi boshqarma boshlig‘i tomonidan viloyat IIB hamda Buxoro shahar IIO FMB masʼul rahbarlari, mahalla mutasaddilari va keng jamoatchilik ishtirokida kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan “A.Donish” mahallasida o‘tkazildi.

Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar jami 12 ta, shundan 2 ta tan jarohati yetkazish, 1 ta o‘g‘rilik, 1 ta bezorilik, 1 ta giyohvadlik vositalarini saqlash, 4 ta firibgarlik va 1 ta qotillik jinoyatlari sodir etilgan bo‘lib, mahalla “qizil” toifaga kirgan.

Boshqarma boshlig‘i masʼullar ishtirokida o‘tkazgan muhokama jarayonida mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlarini tingladi.

Jinoyatlarning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma-bir tahlil qildi.

Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida sektor rahbari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa hamkor idoralar masʼullari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy ko‘rib chiqdi.

Yakunda, mahalla hududida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi, ayniqsa oila turmush doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish va qotillik kabi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, kelgusida “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Text to speech