Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahallasi yangicha qiyofa kasb etgan markazga ega bo‘ldi
Mahallalarda aholiga qulay shart sharoitlar yaratish, xizmat ko‘rsatish tezkorligi va sifatini yaxshilash, aholining muammolari va murojaatlari bilan ishlash tizimini soddalashtirish hamda takomillashtirish, mahalla masʼullarining ish natijalarini kundalik monitoring qilib borish, bunda zamonaviy hamda innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu maqsadda viloyatimiz bo‘ylab qator mahallalarda zamonaviy loyihalar asosida mahalla markazlari va uning negizida huquq tartibot maskanlari qurib foydalanishga topshirilmoqda.
Jumladan, bugun, 29 dekabr kuni Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahallasida joylashgan eski taʼmirtalab ikki qavatli bino kapital taʼmirlanib, mahalla markazi va “Huquq-tartibot maskani” sifatida foydalanishga topshirildi.
Bu binoda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, shuningdek, tashkil etilgan “Huquq-tartibot maskani”da profilaktika inspektori, surishtiruvchi, hamkorlikdagi sohaviy xizmatlar xodimlari, psixolog va xotin qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar uchun xona, so‘rovxona, mahalla tarixi muzeyi, kutubxona, huquqiy savodxonlik xonasi va tuman 2-sektor shtabi uchun keng, yorug‘, zamonaviy hamda qulay xizmat xonalari ajratilgan bo‘lib, zaruriy barcha sharoitlar yaratilgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mahallaning barcha aholi punktlari va qishloqlar markazlari, ovloq joylarida 40 dan ortiq zamonaviy videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, huquq tartibot maskanida joylashgan profilaktika inspektorining xizmat xonasiga integratsiya qilingan.
Ushbu Markazning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov hamda sektor rahbarlari, boshqa mutasaddi idoralar masʼul rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Maʼlumot o‘rnida: 10 mingga yaqin aholiga ega 1937 yilda tashkil etilgan qadim tarixga ega bo‘lgan yoki yaqin o‘tmishdan darak beruvchi ushbu mahalla binosi 80 yillarda qurilgan bo‘lib, taʼmirtalab holatda kelib qolgan edi.
“Rabotiqalmoq” MFYdagi uzoq yillardan buyon o‘z holiga tashlab qo‘yilgan 6 gektar maydondan iborat xiyobon hududida “Tadbirkorlar xiyoboni” ham barpo etilgan.
Ushbu xiyobondagi mahalla sport maktabining eski binolari ham zamon talablariga mos ravishda taʼmirlandi.
Binoda mahalla fuqarolar yig‘ining o‘ziga xos anʼana va qadriyatlari, turmush tarzini o‘rganish, targ‘ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida ilk marotaba nodavlat ko‘rinishida “Buxoro tumani madaniyat tarixi muzeyi” tashkil etilib, Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mahalla binosida shaxmat to‘garagi tashkil etildi.
Ushbu hudud xiyobonida 80 kishini doimiy ish bilan taʼminlagan tikuv sexi yangidan barpo etilib, 20 nafar yoshlar daftarida bo‘lgan va 20 nafar ayollar daftarida bo‘lgan xotin-qizlar bandligi taʼminlandi.
Bundan tashqari viloyat tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni targ‘ib qiluvchi “Ko‘rgazma markazi”, shuningdek, “Xizmat ko‘rsatish markazi”, “Tematik xiyoboncha”lar, “O‘quv markazi”, “Nuroniylar maskani” “Book Cafe” va hammom ham barpo etildi.
Davlat xususiy sherikchilik asosida 180 nafar bolalarni o‘z bag‘riga oluvchi zamonaviy bog‘cha qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ushbu xiyobonga olib boruvchi 4,7 km. yo‘lda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Mahalla aholisiga yangi yil arafasida foydalanishga topshirilgan mahalla va uning tarkibidagi huquq-tartibot maskani binosi mahalla aholisi uchun yana-da qulaylik olib kelgan, fuqarolarning og‘irini yengil qiladigan himoya qo‘rg‘oni bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.