3 Iyul 2023 yil 1738

Buxoro viloyati bo‘yicha nechta Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda bilasizmi?

Fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bugungi kunda Buxoro viloyati IIB JXX YHXB tomonidan viloyat bo‘yicha jami 6 ta Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalari foydalanishga topshirilgan. 

Jumladan:

1. Jondor tumanidagi 1-sonli Olot, Qarako‘l, Jondor tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi;

2. G‘ijduvon tumanidagi 2-sonli Shofirkon va G‘ijduvon tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi;

3. Romitan tumanidagi 3-sonli Buxoro tumani va Romitan tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi;

4. Peshko‘ tumanidagi 4-sonli Vobkent va Peshko‘ tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi;

5. Kogon shahridagi 5-sonli Qorovulbozor, Kogon tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi;

6. Kogon shahriga xizmat ko‘rsatuvchi tumanlararo "Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtixon olish bo‘limlari" o‘z ish faoliyatini olib bormoqda.

Yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar yagona maqsad sari, yaʼni – inson qadrini ulug‘lash va fuqarolarga qulayliklar yaratishdan iborat!

Shundan kelib chiqib, xalqimizning og‘irini yengil qilish maqsadida viloyatdagi barcha ro‘yxatdan o‘tkazish-imtihon olish bo‘linmalari so‘nggi rusumdagi moddiy texnika, kompyuter, isitish va sovutish tizimlari, zamonaviy mebel va boshqa jihozlar bilan to‘liq taʼminlangan holda, xizmat olib boruvchi xodimlarning xizmat joylari maʼmuriy binoning kirish qismida tashkil etilib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot tashkil etilgan hamda ularga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Hurmatli fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan besh kunlik, yaʼni joriy yilning 28-iyun kunidan 2-iyul kuniga qadar dam olish kunlari deb belgilanligi sababli, bunga mos ravishda ko‘plab fuqarolarimiz Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlariga kelib ish kuni hisoblanmagan davrda muddati kelib qolgan o‘z masalalarini hal qilish istagini bildirishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 avgustdagi 683-sonli Qarorining 1-ilovasi, 1-bob, 6-bandi birinchi xatboshisida: Avtomototransport vositasining egasi yoki uning vakili avtomototransport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar paydo bo‘lishi, o‘tishi, cheklanishi va tugatilishi kunidan yoki transport vositasining huquqiy holati o‘zgarishidan boshlab o‘n kalendar kun ichida mazkur Nizomning 14 va 15-bandlariga muvofiq tegishli hududiy YHXDX organiga texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun avtomototransport vositasini, uning texnik holatidan qatʼi nazar va mazkur Nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etgan holda murojaat qilishi zarur.

Agar YHXDX organlariga murojaat qilish muddatining oxirgi kuni dam olish, bayram (ish kuni bo‘lmagan) kunlarga to‘g‘ri kelsa, undan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugagan kuni hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek, besh kunlik dam olish kunlarini inobatga olib barcha bo‘limlarda fuqarolarimiz uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qo‘shimcha xodimlarni jalb etgan holda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Shu sababli, fuqarolarimizdan ortiqcha sarosimaga berilmasdan, navbat bilan, o‘zaro hurmat asosida o‘z masalalarini hal qilishlari mumkinligini maʼlum qilamiz.

Bizning asosiy maqsadimiz ham fuqarolarimizga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatishdan iborat.

Text to speech