Buxoro viloyati bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Oriyat” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davomida fohishaxona saqlash bilan bog‘liq bir nechta jinoiy holatlar fosh etildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida Farmoyishi asosida viloyatimizning barcha barcha shahar va tumanlarida aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar, xususan teri tanosil, OIV hamda OITS kasalliklarining tarqalishi, shuningdek, axloq-odob doirasidagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish hamda bu sohadagi jinoyatlarga qarshi keskin kurashish maqsadida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda “Oriyat” maxsus tezkor profilaktik tadbiri harakatga keltirilgan.
«Buxoro viloyati hududida fohishaxona saqlash bilan bog‘liq jinoiy holatlarni oldini olish va unga qarshi kurashish» borasida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta holatda fohishaxona tashkil qilish bilan bog‘liq jinoiy holatlarga chek qo‘yildi.
Jumladan, ilgari ham xuddi shu turdagi jinoyatlarni sodir qilganligi uchun javobgarlikka tortilgan fuqaro E.O. ikki erkakning A.D. ismli ayol bilan jinsiy aloqa qilishlari uchun o‘zi istiqomat qiladigan Buxoro shahar “S.Ayniy” ko‘chasidagi uyida alohida xona ajratib berib, fohishaxona tashkil qilgant holda evaziga mijozlardan 300.000 so‘m naqd pul olgan vaqtda ushlangan.
Ikkinchi holatda esa, N.M. ismli ayol g‘arazli va past niyatlarda, moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida, ikki erkakning jinsiy aloqa qilishi uchun Q.Z. va M.G. ismli yengil tabiatli qizlarni topib berib, ularning jinsiy aloqa qilishlari uchun o‘zi istiqomat qilib kelayotgan Buxoro shahar “A.Somiy” ko‘chasidagi xonadonida alohida joy ajratib berib, evaziga mijozlardan 900.000 so‘m naqd pul olib, qo‘shmachilik jinoyatini sodir qilgan.
Navbatdagi tezkor tadbir davomida, Peshku tumani IIB xodimlari tomonidan tumanning “Valfajir” mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fermer xo‘jaligi ishchisi Sh.A. o‘zi ishlab kelayotgan fermer xo‘jaligi dala shiyponida fohishaxona tashkil etib, moddiy manfaatdor bo‘lish, g‘arazli va boshqa past niyatlarda bir erkak va ayolning jinsiy aloqa qilishlari uchun joy ajratib berib, evaziga 150.000 so‘m pullarni olganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 131-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.