16 Avgust 2023 yil 509

Buxoro viloyati hokimi profilaktika inspektorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Viloyat hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilab bergan vazifalarning ijrosini viloyatda samarali tashkil etish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, bu borada kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilash maqsadida G‘ijduvon tumanidagi mavjud 75 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi. Tadbir ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi profilaktika inpektorlarining avvalo, shaxsiy hayoti, shuningdek, xizmat olib borayotgan hududlaridagi muammo va takliflarini birma-bir tingladi. Har bir murojaatning yechimi bo‘yicha masʼullarga zaruriy ko‘rsatmalar berib, ijrosini alohida nazoratga oldi. Shu bilan birga profilaktika inspektorlari oldida turgan eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarurligi taʼkidlandi. Jinoyatchilikni mahallalarda jilovlash masalasiga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi faoliyat mahallalar kesimida tanqidiy tahlil etildi.

Shu kuni ZOOM platformasi orqali tumandagi mavjud 75 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot qilindi.

Muloqotda mahallalarda mavjud muammolar yana bir bor o‘rtaga tashlanib, avvalgi uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalarning ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi. Amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim va ustuvor vazifalar sarhisob etildi. Mahalladagi beshlik faoliyatini yana-da yaxshilash maqsadida jarayondagi burch va masʼuliyat tuyg‘usini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Xususan, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish, yoshlar tarbiyasida mahallaning rolini oshirish, maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, ekstremizm va terrorizmga, odam savdosiga qarshi hushyorlikni oshirish singari dolzarb masalalar xususida atroflicha to‘xtaldi.

Bu kabi muloqotlarning viloyatdagi barcha shahar-tumanlarda tasdiqlangan grafik asosida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Text to speech