Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilayotgan "Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash" borasidagi tezkor va profilaktik tadbirlar o‘z samarasini bermoqda
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida farmoyishi asosida viloyatning barcha shahar va tumanlarida "Giyohvandlik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish" borasida ichki ishlar organlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda keng jamoatchilik bilan birgalikda bir qator manzilli profilaktik tadbirlar hamda ushbu yo‘nalishdagi jinoiy holatlarni barvaqt olindi olishga qaratilgan tezkor tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirmoqdalar.
Mana shunday tezkor tadbirlar davomida giyohvandlik moddalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish borasidagi bir necha jinoiy holatlar fosh etildi.
Jumladan, joriy yilning 12 aprel kuni soat 20:00 larda D.H. ismli shaxs Buxoro shahri "Mirdo‘stim" ko‘chasidagi yashash uyida sof og‘irligi 0,23 grammga teng ozginadan ko‘proq miqdordagi, "Gashish” giyohvandlik moddasi va sof og‘irligi 0,56 gramm "Marixuana” giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda tanishi 1973 yilda tug‘ilgan X.A. dan olgan vaqtida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Ikkinchi holatda, Buxoro tumani "Dehcha" mahallasida yashovchi, b.F., I.O. va A.b. ismli shaxslar, oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 2023 yil 26 aprel kuni Samarqand viloyati Mirbozor shaharchasiga borib, u yerda o‘zlariga avvaldan tanish bo‘lgan A.v. ismli shaxs bilan uchrashib, undan “Opiy” giyohvandlik moddasini qabul qilib olib, so‘ngra mazkur giyohvandlik moddasini Buxoro shahrida joylashgan A.B.ning yashash xonadoniga olib kelib, o‘zaro taqsimlab, tarqalib ketmoqchi bo‘lganlarida viloyat huquq tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh aʼzolari B.F.ning yonidan sof vazni 19,86 grammga teng bo‘lgan, ko‘p miqdordagi “Opiy” giyohvandlik moddasi, fuqaro I.O. ning yonidan sof og‘irligi 22,01 grammga teng bo‘lgan, ko‘p miqdordagi “Opiy” giyohvandlik moddasi topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 273-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.