17 Dekabr 2022 yil 757

Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilayotgan ayol xodimalar o‘rtasida jangovar quroldan “Amaliy o‘q otish” bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi

Bugun huquqni muhofaza qiluvchi organlarda mardlar bilan bir safda jasoratli ayollar ham yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini himoya qilishda ishtirok etishmoqda. Bu borada ularning jangovar tayyorgarligi ham muntazam nazorat qilib boriladi.

Shu boisdan ham Buxoro viloyati “Dinamo” jismoniy tarbiya jamoalarining ayol xodimlarining jangovar tayyorgarligini oshirish hamda 2022-yilning jismoniy sog‘lomlashtirish va ommaviy sport taqvimiy rejasiga asosan bugun, 17-dekabr kuni viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarining turli xizmatlarida faoliyat olib borayotgan ayol xodimalar o‘rtasida navbatdagi amaliy o‘q otish musobaqasi tashkil etildi.

Avvaliga soha xodimlariga har qanday vaziyatda qurol yarog‘dan to‘g‘ri foydalanish va ularni qo‘llash jarayonidagi xavfsizlik qoidalariga doir tushunchalar berildi.

Buxoro viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi o‘q otish tirida 50ga yaqin ayol xodimalar jangovar qurol, 9 mm.li Makarov to‘pponchasidan o‘q otish bo‘yicha musobaqada o‘z natijalarini qayd etib, g‘oliblik uchun bellashishdi.

Shaxsiy birinchilik musobaqalarida faxrli 1-o‘rinni viloyat DXXB hamda viloyat IIB jamoalaridan Malika Jo‘rayeva va Abera Naimovalar egallashdi. 2-o‘rinni esa viloyat DXXB jamoasidan Nargiza Xusanova egallagan bo‘lsa, 3-o‘ringa 7536-harbiy qism jamoasidan Zulfiya Sultonova loyiq deb topildi.

Shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan xodimalar turli nominatsiyalar bo‘yicha xam g‘olib deb topilib, munosib eʼtirof etildi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Taʼkidlash joizki, bu kabi jismoniy tadbirlar xodimlarning kasb malakasini oshirish barobarida ularni irodasi mustahkam va jismonan baquvvat bo‘lishiga xizmat qiladi.

Text to speech