Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i G‘ijduvon tumaniga borib, hududiy ichki ishlar organlarining quyi bo‘linmalari faoliyatini o‘rgandi
Avval xabar berganimizdek, viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev ichki ishlar organlarining quyi tizimlari faoliyatini o‘rganib, mavjud muammolar va xodimlarga yaratib berilgan shart-sharoitlar, shuningdek, quyi tizimlarning choraklik ish natijalarini muhokama qilib bormoqda.
Jumladan, bugun, 21-aprel kuni boshqarma boshlig‘i tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari va hududiy ichki ishlar bo‘limlari masʼullari hamrohligida G‘ijduvon tumanida bo‘ldi.
Dastlab, G‘ijduvon tumani “Sarmijon” mahallasida joylashgan tuman Ichki ishlar boshqarmasi 1-sonli bo‘limning kundalik ish faoliyati, bo‘linma maʼmuriy hududida birinchi chorak davomida sodir bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklar yuzasidan masʼullarining hisobotlarini tingladi.
Ta’kidlash joizki, mahalla binosida joylashgan tuman Madaniyat bo‘limi Sarmijon filiali hamda hudud aholisi uchun tashkil etilgan Axborot-kutubxona markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy hamda huquqiy savodxonligini oshirish, ularda vatanga muhabbat, sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish borasida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, “Sarmijon” mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi 345-sonli va tumanning qizil hudud toifasiga kirgan “Amirobod” mahallasidagi 390-sonli Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari faoliyati hamda “Mirzayon” va “Xaticha” mahalla fuqarolar yig‘inlari prodilaktika inspektorlari va ularning oila aʼzolari yashashi uchun xizmat uylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘i G‘ijduvon tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi va viloyat IIB YHXB 2-sonli ro‘yxatdan o‘tkazish va Imtihon olish bo‘limi hamda tuman Ichki ishlar bo‘limining “G‘ovshun” mahallasida joylashgan 2-sonli, “Sharq” mahallasida joylashgan 3-sonli, “Ulfatbibi” mahallasida joylashgan 4-sonli bo‘limlar faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi.
O‘rganishlar davomida tumannning hududiy ichki ishlar bo‘limlari ma’muriy hududlarida sodir etilgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, kundalik xizmat faoliyatini samarali tashkil etish, hamkorlikda faoliyat olib boruvchi boshqa sohaviy xizmatlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda jamoatchilik asosida tashkil etilgan patrullik guruhlarning xizmat yo‘nalishlarini vaziyatiga kundalik taqsimlab borish, jinoyat va huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ariza va xabarlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, xodimlar yurituvidagi hujjatlarni tartibga keltirish, hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlash, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi keskin kurashish borasida manzilli topshiriqlar berib, ijrosini o‘z nazoratiga oldi.
Aniqlangan muammolarni hal etish, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar boshqarmasidan masʼul etib biriktirilgan rahbarlar, tuman IIB boshlig‘i va boshqa mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.