Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i qish mavsumini betalafot o‘tkazish borasida mahallabay o‘rganishlarini davom ettirmoqda
Bugun, 20 yanvar kuni Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev Buxoro tumanining Shergiron mahallasida bo‘ldi.
Bu yerda mahalladagi “beshlik” bilan uchrashib, ularga qishning sovuq kunlarida birinchi navbatda aholini energiya resurslari bilan taʼminlash, ijtimoiy soha obyektlarini isitish borasida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab berdi.
Mavjud resurslarni adolatli taqsimlash, tumanda tashkil etilgan tezkor shtabga yo‘llanayotgan murojaatlarni zudlik bilan o‘rganib hal etish choralarini ko‘rish borasida zaruriy ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, bozorlardagi narx-navo, AI-80 markali benzin savdosining barqarorligi, jamoat transportidan samarali foydalanishni tashkil etish, kam taʼminlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, yaqinlari xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan oilalar holidan xabar olib, ularga ko‘mir va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish zarurligi, hududlar bo‘ylab belgilangan grafik asosida arzonlashtirilgan oziq ovqat yarmarkalarini tashkil qilish kerakligi taʼkidlandi.
Shundan so‘ng boshqarma boshlig‘i Jondor tumanida bo‘lib, tuman hokimi va sektor rahbarlari hamda tegishli masʼullar hamrohligida tuman dehqon bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi faoliyatini o‘rganib, jarayonda narx-navoning asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, sanitariya va gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, kundalik oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tuman masʼullariga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berib, ijrosini alohida nazoratga oldi.
Viloyat 3-sektor rahbari kunning ikki yarimida ham o‘rganishlarini davom ettirib, "Buxoro hududiy Elektr tarmoqlari korxonasi" AJ ning qish mavsumida isteʼmolchilarga muqobil elektr energiyasi yetkazib berish jarayonini ham ko‘zdan kechirdi.
Bunda aholi va iqtisodiyot tarmoqlari, shuningdek, ijtimoiy obyektlarni energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash borasidagi mavjud muammolar o‘rganildi.
Sovuq ob-havo sharoitida elektr energiyasidagi kuzatilayotgan uzilishlarni bartaraf etish, hududlarda tashkil etilgan qo‘shimcha avariya tiklash tezkor guruhlarining samaradorligini oshirish borasida masʼullarga ko‘rsatmalar berdi.
Boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyevning viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari, shuningdek, qolgan barcha shahar va tumanlar 3-sektoriga qarashli mahallalardagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.