Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Romitan tumani hududiy ichki ishlar organlarining quyi bo‘linmalari faoliyatini o‘rgandi
Avval xabar berganimizdek, viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev ichki ishlar organlarining quyi tizimlari faoliyatini o‘rganib, mavjud muammolar va xodimlarga yaratib berilgan shart-sharoitlar, shuningdek, quyi tizimlarning choraklik ish natijalarini muhokama qilib bormoqda.
Bugun, 23-aprel kuni boshqarma boshlig‘i tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari va hududiy ichki ishlar bo‘limi masʼullari hamrohligida Romitan tumanida bo‘lib, hududda birinchi chorak davomida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi amalga oshirilgan ish natijalarini joyiga chiqib muhokama qildi.
Jumladan, tumanning “Qahramon” mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi 162-sonli va “Mirishkor” mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi 168-sonli Ichki ishlar organlarining tayanch punktlariga borib, profilaktika inspektorining choraklik faoliyati, TP va yurutuvdagi hujjatlarning holati, mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga doir bajarilgan ish natijalari hamda ikkinchi chorak davomida ushbu yo‘nalishda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yo‘l xaritasi bilan tanishdi.
Shuningdek, “Qahramon” va “Chandir” mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari xizmat uylariga borib, xodim hamda uning oila a’zolari uchun yaratilgan turmush sharoitlarini o‘rgandi.
Shundan so‘ng, 3-sektor hududiga “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarga ajratib berilgan 10 sotixli yer maydonlariga ekilgan ekinlarning parvarish jarayonlari bilan ham tanishdi.
Boshqarma boshlig‘i tuman IIB homiyliga olingan 6-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, inspektor-psixolog faoliyati va ushbu ta’lim maskanida sektor rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan kutubxona imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi. Shu kuni kutubxona fondi IIB tomonidan sovg‘a qilingan O‘zbek va Jahon adabiyoti durdona asarlari bilan boyitildi.
O‘rganishlar davomida tuman mahallalarida sodir etilgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, kundalik xizmat faoliyatini samarali tashkil etish, hamkorlikda faoliyat olib boruvchi boshqa sohaviy xizmatlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda jamoatchilik asosida tashkil etilgan patrullik guruhlarning xizmat yo‘nalishlarini kundalik taqsimot asosida o‘zgartirib borish, jinoyat va huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ariza va xabarlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, xodimlar yurituvidagi hujjatlarni tartibga keltirish, hududlarda “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlash borasida manzilli topshiriqlar berib, ijrosini o‘z nazoratiga oldi.