Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi
Bugun, 10-mart kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi kichik majlislar zalida, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, Ichki ishlar bo‘lim va bo‘linma boshliqlari va mas’ul xodimlar ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov olib borib, quyidagi masalalar:
• viloyatning barcha mahallalarida o‘tkazilayotgan xatlov tadbirlari davomida «xonadonbay» hamda "fuqarobay" yurib aholi muammolarini o‘rganish, ularni bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar ahvoli va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar;
• «Qidiruv» tadbirlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar;
• Hududlarda «Tun» tadbirlarini tashkil etish borasidagi vazifalar birma-bir muhokama qilindi.
Ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan shahar va tumanlarga viloyat ichki ishlar boshqarmasidan mas’ul etib biriktirilgan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, Jinoyat qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jamoat tartibini saqlash va Tashkiliy boshqarmalarining rahbarlari, shahar va tumanlar ichki ishlar organlarining boshliqlari va tegishli sohaviy xizmatlar mas’ullariga aniq va manzilli topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i tomonidan barcha sohaviy xizmatlar, hududiy ichki ishlar organlari rahbar va mas’ul xodimlari qattiq ogohlantirilib, ijrochilik intizomiga qat’iy rioya qilishlari, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etishlari lozimligi, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko‘rsatib, qo‘l ostidagi xodimlarga shaxsiy namuna bo‘lgan holda xizmatni tashkil etishlari ta’kidlandi.