Buxoro viloyati ichki ishlar organlari tomonidan 2023 yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Bugun, joriy yilning 8 may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, uning quyi tizimlari, sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, jinoyatlarni fosh etish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shaxsiy tarkibni o‘qitish va malakasini oshirish, tarbiyalash, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash, tizimda ijro va xizmat intizomi hamda qonuniylikni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur yig‘ilishda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Tadbir avvalida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tashkiliy boshqarma boshlig‘i Azim Bozorov tomonidan 2023 yilning to‘rt oyi davomida viloyatda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir bo‘lgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi hamda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan batafsil axborot berildi.
Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligi xususida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) IIB boshliqlari va boshqa masʼullarning ham hisobotlari tinglandi.
Hisobotlar tinglanib, muhokama natijalariga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelgan ayrim rahbar va xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha bildirilgan taklif hamda mulohazalarga nisbatan o‘zining tavsiyalarini berib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarib, berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Birinchi navbatda har bir ichki ishlar organi xodimining o‘zi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatiga va xalqiga sadoqatli bo‘lishi lozimligi yana bir bor taʼkidlab o‘tildi.
Boshqarma boshlig‘i yuqori va quyi tizim rahbarlariga, xodimlarning oilaviy sharoiti va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni tarbiyalashda ustoz-murabbiy anʼanalarini yana-da keng tatbiq etish, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi.
2023 yilning keyingi davrida Buxoro viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan tashkiliy tadbirlar rejasi va yo‘l xaritalarini yana bir bor sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, har bir yo‘nalish bo‘yicha barcha ustuvor vazifalarni belgilab olgan holda ijroga qaratish lozimligi yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Yakunda yig‘ilish bayoni tuzilib, har bir bandi ijrosini taʼminlash bo‘yicha nazorat o‘rnatildi.