Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari xodimlariga farzandlarining taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanoma va taqdimnomalar topshirildi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida nafaqat soha xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, balki, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumki, o‘tgan davr mobaynida dastlab profilaktika inspektorlariga xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida avtomashinalar berilgan bo‘lsa, tizimda olib borilgan keyingi islohotlar natijasida barcha ichki ishlar organlari xodimlarini qamrab olgan qator imtiyozlar bosqichma-bosqich joriy etildi.
Bu borada, davlatimiz rahbari hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarorlariga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlari farzandlariga oliy (harbiy) va o‘rta maxsus taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanoma hamda taqdimnomalarning berilishi tizim xodimlari va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qo‘llab quvvatlashning yorqin namunasi bo‘ldi.
Xususan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan, xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga kvota asosida davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga (ikkinchi taʼlimdan tashqari) hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy (magistratura, ikkinchi va oliy o‘quv yurtidan keyingi taʼlimdan tashqari) va o‘rta maxsus taʼlim muassasalariga Vazirlik tomonidan beriladigan tavsiyanoma (taqdimnoma) asosida o‘qishga kirishi belgilab qo‘yilgan.
Maʼlumot o‘rnida: tavsiyanoma fuqarolik oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalari uchun, taqdimnoma harbiy bilim yurtlari uchun beriladi.
Bugun, 6-iyun kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan mazkur huquqiy hujjatlarga muvofiq, Ichki ishlar vazirligining buyrug‘iga asosan xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan jami 92 nafar xodimning 95 nafar farzandiga oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanoma va taqdimnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Tinchlik posbonlari va ularning farzandlariga qaratilayotgan bu kabi yuksak eʼtibor, ularning vatanga sadoqati va xizmatga bo‘lgan shijoatini yana-da oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.