20 Oktyabr 2022 yil 939

Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida olib borilayotgan maʼnaviy maʼrifiy ishlar sarhisob qilindi

Bugun, 20 oktyabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi katta majlislar zalida viloyat ichki ishlar organlarida olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, kadrlar bilan taʼminlash hamda shaxsiy tarkibning kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish yo‘nalishida joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, Maʼnaviy maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i podpolkovnik Umid O‘tayev olib borgan mazkur yig‘ilishda xizmatning viloyat hamda tuman (shahar) IIBlardagi masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Tahliliy va tanqidiy ruhda kechgan yig‘ilishda, xodimlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy, kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarlik yo‘nalishlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar birma-bir taʼkidlandi. Samaradorlik darajasi past masʼullar qattiq tanqid ostiga olinib, kelgusida ushbu yo‘nalishda ijobiy natijalarga erishga doir ko‘rsatmalar berildi.

Topshiriqlarni yetarli darajada tashkil etmaganlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash, shuningdek, ijobiy natijalarga erishib hamkasblariga o‘rnak bo‘lgan xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritildi.

Tizimdagi bo‘sh lavozimlarni sifatli jamlash, xizmatga qabul qilingan yosh kadrlarni o‘qitish, xodimlar malakasini oshirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni jadallashtirish, ularning kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, shahar-tuman IIB boshliqlarining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va kadrlar bilan ishlash bo‘yicha masʼul xodimlari zimmasiga qator vazifalar yuklandi.

Text to speech