Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan ayol xodimalar o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” ko‘p kurash musobaqasi o‘tkazildi
Ma'lumki, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish, jismoniy faollikni oshirish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirishga muhim masala sifatida qaralmoqda.
Shu o‘rinda, ichki ishlar organlarida o‘z xizmat faoliyatini olib borayotgan ayol xodimalar o‘rtasida sog‘lom maʼnaviy, axloqiy muhitni, intellektual va jismoniy salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, jamiyatda xotin-qizlarning o‘rnini mustahkamlash hamda ularning qalbida ona vatanimiz, xalqimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yana-da kuchaytirish barobarida xodimalarning professional faoliyat mezoni bo‘lgan jangovar va jismoniy tayyorgarligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy va hududiy bo‘limlarida xizmat olib borayotgan ayol xodimalar o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” ko‘p kurash musobaqasi o‘tkazildi.
Ikki kun davom etgan musobaqada ishtirokchilar 3 jamoaga bo‘lingan holda, 800, 400, 200 va 100 metr masofalarda estafeta yugurish, basseynda erkin uslubda 50 metr masofaga suzish, AK-74 avtomati va PM-9 “Makarov” pistoletidan amaliy o‘q otish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yarador (jarohatlangan)larni jang maydonidan olib chiqish shuningdek, dala sharoitida mazali taom (2 kg osh) va non mahsulotlari (buxanka) tayyorlash kabi jami 6 shart asosida o‘zaro bellashdilar.
Jarayonlar bir-biridan qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgani bois hakamlar hayʼati aʼzolari g‘olib jamoalarni aniqlashda anjayin qiynalib qolishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli 1-o‘rinni “To‘maris”, 2-o‘rinni “Bibixonim” va 3-o‘rinni “Semurg‘” jamoalari egallab, ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.
Musobaqa gʻolib va sovrindorlari boshqarma boshligʻining diplomi hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi. Faxrli 1-o‘rinni egallagan “To‘maris” jamoasi mazkur musobaqaning joriy yil 25-29 iyul kunlari Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tadigan Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘llanmani qo‘lga kiritdi.