Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar o‘rtasida «Fidoyi ayol xodima» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi
Ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan shahodatlangan ayol xodimalarning kasbiy bilim va malakalarini oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida bugun, 20-fevral kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tarkibiy tuzilmalarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar o‘rtasida «Fidoyi ayol xodima» ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi tegishli qaroriga muvofiq ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini olib borib, muayyan yutuqlarga erishib kelayotgan ayol xodimalarni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirish hamda o‘z kasbining bilimdonlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsad qilingani bilan ahamiyatlidir.
Tanlov 3 bosqichda, yaʼni: jangovar qurolni to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish, «Makarov» to‘pponchasidan o‘q otish; sportning ming metrga yugurish va kompleks mashqlarni bajarish; shuningdek, sohaviy xizmat, maʼnaviy-maʼrifiy, jangovar va xizmat tayyorgarligi bo‘yicha 50 ta savoldan tarkib topgan test sinovlaridan iborat bo‘ldi.
Hakamlar hayʼati tomonidan har bir ishtirokchining mahorati sinchkovlik va xolislik bilan baholab borildi.
Bellashuv o‘zaro sog‘lom raqobat, qiziqarli va hayajonli jarayonlarga boy bo‘ldi.
Tanlov yakunida ishtirokchilar orasidan yaqqol ustunlik va faollik ko‘rsatgan xodimalar g‘olib deb topildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra 3-o‘rinni Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimi serjant Maxsuma Adizova, 2-o‘rinni Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati xodimi leytenant Durdona Vohidovalar qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli 1-o‘rinni Patrul-post xizmati batalyoni xodimasi safdor Zarnigor Murodova egallab, tanlovning respublika bosqichiga beriladigan yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.