Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar o‘rtasida kamondan otish sport turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi
Ot sporti har doim nafisligi bilan o‘z ixlosmandlarini hayratlantirib kelgan. Chindan ham ushbu aqlli jonivorning chiroyi va harakatlari barchaga birdek manzur bo‘ladi.
Shuningdek, aniqlik va puxtalikni talab qiladigan kamondan otish sport turi ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida mohir merganlarni saralashda muhim sanaladi.
Shu o‘rinda, “Vatanparvarlik oyligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Milliy Gvardiya Buxoro viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda Buxoro tumanida joylashgan “Jaloliddin Manguberdi” chavandozlar maktabida yoshlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun ot poygasi va ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar o‘rtasida kamondan o‘q otish bo‘yicha sport musobaqalari tashkil etildi.
Musobaqaning ochilish marosimida tashkilotchilar tomonidan mamlakatimizda so‘nggi yillarda mazkur sport turiga alohida eʼtibor qaratilayotgani borasida so‘z yuritildi.
Kamondan o‘q otish mashqlari avvaliga soha xodimlari uchun biroz murakkab va xavfli tuyildi. Mutaxassislar tomonidan berilgan kerakli maslahatlar, ishtirokchilarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, keyingi urinishlarda qo‘l keldi. Natijalar ham asta-sekinlik bilan yaxshilanib bordi.
Tashkil etilgan ushbu musobaqa qizg‘in va bayramona kayfiyatda o‘tib, yuqori ishtiyoq va ajoyib taassurotlarga boy bo‘lgani bilan ajralib turdi.
Musobaqa jarayonlarida 50 nafarga yaqin ayol xodimalar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuvlarda o‘z merganliklarini namoyon etgan soha vakillari munosib eʼtirof etildi.
Jumladan, faxrli 1-o‘rinni: Maxsuma Adizova; 2-o‘rinni: Farangiz Umurzoqova; 3-o‘rinni: Shaxnoza Ibodova va Shaxlo Raxmatovalar egallagan bo‘lsa, bellashuvlarda yuqori natija va faollik ko‘rsatgani uchun Raʼno Qudratova, Dilnoza Komilova va Mohiniso Neʼmatovalar turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirilib, tantanali ravishda taqdirlandi.