Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimovning o‘rganishlari davom etmoqda
Bugun, 4 mart kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov viloyat IIB JXX YHXB faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi, tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, yo‘l harakati qoidabuzarliklarining profilaktikasi tizimini takomillashtirish, yo‘llarning o‘tkazuvchanligi va yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari hamda boshqa texnik vositalar bilan jihozlash, bunda belgilab berilgan standart talablariga rioya etilishini taʼminlash, yoshlarning yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq bilimlarini oshirish, ularda xavfsiz va qonunga itoat qilish xulq-atvori ko‘nikmalarini shakllantirish, tizimning xizmat ko‘rsatish sohasida fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartib-taomillarini nazarda tutuvchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Boshqarma boshlig‘i hozirgi kunda butun dunyoda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash eng dolzarb masalalardan biri ekanligini taʼkidlab, mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida xorij tajribalari asosida yangi innovatsion loyihalarni tatbiq etish zarurligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘i yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari xodimlarining xizmat vazifalarini lozim darajada bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ular orasida korrupsiya va vakolatni suiisteʼmol qilish bilan bog‘liq holatlarni oldini olish borasida ham masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Shundan so‘ng boshliq viloyatda yoshlar, voyaga yetmaganlar, xotin qizlar hamda muqaddam sudlanganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy-tahliliy muhokama qildi.
Muhokamada viloyat IIB XPB xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda yoshlar, voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar hamda muqaddam sudlanganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlari va kelgusidagi vazifalari yuzasidan hisoboti tinglandi.
Sodir etilgan har bir jinoyat tahlil qilinib, soha mutaxassislariga galdagi vazifalar yuzasidan aniq va bajarish muddatlari belgilangan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyatining tarixiy obidalariga yiliga millionlab xorijiy hamda mahalliy sayyohlar tashrif buyuradi. Shundan kelib chiqib xavfsiz turizmni taʼminlash masalasi ham muhim masalalar sirasiga kiradi.
Buxoro viloyatida sayyohlik namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida tezkor vaziyatni tizimli tahlil qilish, sodir etilgan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida IIB bolig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi faoliyatini ham o‘rgandi.
Jarayonda viloyatning turistik salohiyati, qolaversa, sayyohlar oqimining ko‘pligi, ularga alohida eʼtibor qaratish zarurati inobatga olinib, sayyohlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan himoya qilinishini muvofiqlashtirish, ularning murojaatlarini tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishi borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bu kabi o‘rganishlar davom etmoqda.