Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining anomal sovuq kunlarini betalafot o‘tkazish borasida o‘rganishlari davom etmoqda
Bugun, 21 yanvar kuni viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev hamda DSB boshlig‘i Maqsud Mamatxanovlar qishning sovuq kunlarida birinchi navbatda aholini energiya resurslari bilan taʼminlash, ijtimoiy soha obyektlarini isitish, tadbirkorlik subyektlarining muammolarini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida viloyatning 3-sektoriga qarashli Shofirkon tumanida bo‘lishdi.
Dastlab tumanning 50 dan ortiq ishbilarmonlari bilan uchrashib, sovuq ob-havo oqibatida ular faoliyatida yuzaga kelgan muammolar o‘rganilib, yechimini topish yuzasidan chora tadbirlar belgilab olindi.
Jarayonda ob-havoning sovuq kunlarida ham tuman iqtisodiyotiga muhim hissa qo‘shayotgan tadbirkorlik obyektlarining bir maromda faoliyat yuritishini taʼminlash borasida barcha choralar ko‘rilishi taʼkidlandi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, tadbirkorlarga ajratilgan kreditlarning imtiyozli davrini uzaytirish, elektr-energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Masʼullarning keyingi manzili "Hududgaz Buxoro" gaz taʼminoti filiali bo‘ldi. Bu yerda korxonaning qish mavsumida isteʼmolchilarni muqobil gaz taʼminoti bilan taʼminlash jarayoni ko‘zdan kechirildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari, shuningdek, ijtimoiy obyektlarni tabiiy hamda suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash borasidagi mavjud muammolar ham o‘rganildi.
Sovuq ob-havo sharoitida gaz taʼminotida kuzatilayotgan uzilishlarni bartaraf etish, hududlarda tashkil etilgan qo‘shimcha avariya tiklash tezkor guruhlarining samaradorligini oshirish borasida masʼullarga ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek mavjud resurslarni adolatli taqsimlash, hududlarda tashkil etilgan tezkor shtabga yo‘llanayotgan murojaatlarni zudlik bilan o‘rganib hal etish choralarini ko‘rish borasida topshiriqlar berildi.
Xabaringiz bor, Buxoro viloyatidagi barcha taʼlim muassasalari rasman 23 yanvardan anʼanaviy o‘qitish faoliyatini boshlaydi. Qishning ayozli kunlarida farzandlarimizning sifatli bilim olishi, sog‘-salomat bo‘lishi, taʼlim muassasalarining issiqlik bilan qay darajada taʼminlanganligiga bog‘liq.
Shunga muvofiq masʼullar kunning ikkinchi yarimida Buxoro shahrida joylashgan 5 va 6 umumiy o‘rta taʼlim maktablarining issiqlik taʼminoti tizimlarini ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar davomida taʼlim muassasalarining isitish tizimida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli ishlar boshlab yuborildi.
Bu kabi o‘rganishlar davom etmoqda.