Buxoro viloyati IIB JXX YHXBda navbatdagi muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Bugun, 5 avgust kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi JXX YHXBda Buxoro viloyati Prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasining maʼsul xodimlari ishtirokida viloyatda faoliyat yuritayotgan haydovchi kadrlarni tayyorlovchi va qayta tayyorlovchi taʼlim muassasalari rahbarlari va ishchi xodimlari, shuningdek, amaliy mashq ustalari bilan bugungi kunda haydovchilikka nomzodlarni tayyorlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va korrupsiogen holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tahliliy-tanqidiy muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastlab, yig‘ilishda viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i mayor Karim Ikromov tomonidan viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan aniqlangan holatlar o‘qib eshittirilib, qonuniylikka rioya etilishi hamda boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasining maʼsul xodimlari so‘zga chiqib, korrupsiya va uning oqibatlari, vujudga kelish tarixi, bugungi xalqaro jamoatchilikning korrupsiyaga qarshi faoliyati va O‘zbekistonda korrupsiyani oldini olish, xalq manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan islohotlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi.
Yig‘ilish so‘nggida, viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i tomonidan shaxsiy tarkib, bo‘lim va bo‘linma rahbarlariga bugungi muhokamadan kerakli xulosani chiqarib, samarali va natijali ishni tashkil etish va viloyat hududida yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq salbiy holatlarni kamaytirish, taʼlim muassasalari rahbarlari va barcha yiig‘ilish qatnashchilariga, xizmatga sovuqqonlik bilan qaramaslik, poraxo‘rlik va taʼmagirlik hamda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatdan chetga chiqmaslik, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lish borasida ogohlantirishlar berildi.
Bundan tashqari, tizimda mavjud muammolar o‘rtaga tashlanib, ularni bartaraf etish va samarali xizmatni tashkil etish borasida masʼullarga manzilli topshiriqlar berildi.
“Umr-tezlikdan muhimdir” deya nomlangan ijtimoiy video rolik yig‘ilish ishtirokchilari eʼtiboriga namoyish etildi.
Yig‘ilish qatnashchilariga maxsus tayyorlangan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bukletlarni o‘quv jarayonlarida barcha o‘quvchilarga tarqatish va bu amaliyotni doimiy amalga oshirgan holda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishlari borasida topshiriqlar berildi.
Asosiy maqsad korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ekanligi alohida taʼkidlandi.