Buxoro viloyati IIB mas’ullarining navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” Buxoro davlat tibbiyot instituti talaba yoshlari bilan o‘tkazildi
Har qanday davlatning kelajagini ma’nan etuk, jismonan sog‘lom va intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlar belgilaydi. Zotan, yoshlarga e’tibor mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan e’tibordir.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi respublika idoralararo ishchi guruhining Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari tizimida mavjud muammoli masalalarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish yakuni bo‘yicha muhokama yig‘ilishida Buxoro viloyat IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosarlariga viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talaba yoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish vazifasi belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Erkin Safarov boshchiligidagi mas’ullarning navbatdagi uchrashuvi bugun 3-noyabr kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti talaba yoshlari bilan o‘tkazildi.
Tashkil etilgan mazkur ochiq muloqotda mutasaddilar davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida alohida to‘xtalib o‘tib, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish borasida so‘z yuritildi.
Talaba yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar birma-bir tahlil qilinib, kelgusida bu kabi noxushliklarni oldini olishning aniq va manzilli chora-tadbirlari belnilab olindi.
Uchrashuv so‘nggida talabalarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar qaytirildi. Ularning qiziqish va murojaatlari ijrosi yuzasidan tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shu kuni ta’lim maskanida talaba yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida samarali faoliyat yuritib kelayotgani uchun institut profilaktika inspektorlari ta’lim muassasasining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, ushbu oliy ta’lim muassasasi va Ichki ishlar boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini ishlab chiqib, ijroga qaratish masalasi kelishib olindi.
Bu kabi uchrashuvlar tasdiqlangan grafik asosida davom ettiriladi.