Buxoro viloyati IIB tomonidan Jondor Qorako‘l, Olot tumani Ichki ishlar bo‘limlar va uning quyi tizimlari faoliyatiga doir navbatdagi press-tur tashkil etildi
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlar, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida bugun, 25 fevral kuni “Boshliq bilan bir kun” loyihasi doirasida Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlari IIB boshliqlarining kundalik ish faoliyati, bo‘lim hamda uning quyi tizimlarida aholi va xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishga doir Press-tur tashkil etildi.
Dastlabki manzil Jondor tumani. Bu yerda Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Jamol Javkashov aholi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda sohaviy xizmatlar xodimlarining xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, jamoat tartibi hamda yo‘l harakatini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar borasida maʼlumotlar berildi. Shundan so‘ng Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda Probatsiya guruhlari va Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasida bo‘lgan press-tur ishtirokchilari aholi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Press-tur «Qozikent» mahallasi hududida joylashgan 2-sonli Ichki ishlar bo‘limida davom etdi. Bunda, sutkalik naryadga jalb qilingan xodimlar ishtirokida navbatchilikni qabul qilish yuzasidan yo‘riqnomasi o‘tkazilib, saf ro‘yxati asosida xodimlarning xizmatga kelib ketishlari, hududda jinoyatchilikning ahvoli hamda sutka davomida sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatchilik holatlari yuzasidan masʼullarning axborotlari tinglandi.
Navbatdagi manzil viloyatning ilmu-ziyo maskani bo‘lmish Qorako‘l tumani. Press-tur ishtirokchilarini bu yerda Tuman IIB bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Jamshid Rasulov qarshi oldi. Shundan so‘ng xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar, qabulxona hamda tergov va surishtiruv xonalari ish tartibi, u yerdagi innovatsion texnologiyalarning ishlash tartiblari bilan ishtirokchilar tanishtirildi. Shundan so‘ng migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari, Sport zal va kriminalistik o‘quv poligonida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, xodimlarning malakasini oshirish borasida olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari borasida maʼlumotlar berildi.
Olot tumani viloyatimizning eng chekka hamda chegaradosh hududi hisoblanadi. Bu yerda Press-tur ishtirokchilariga Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Jamshid Tangriyev tomonidan aholi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda sohaviy xizmatlar xodimlarining xizmat faoliyati, shuningdek bo‘limdagi video kuzatuv markazi orqali aniqlanayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar haqida maʼlumot berildi.
OAV vakillari jurnalist va mustaqil blogerlar hamda viloyat “Kelajak liderlari” klubi aʼzolari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur press-tur davomida ichki ishlar bo‘limlarining ish faoliyati bilan tanishish bilan bir qatorda, ishtirokchilar soha xodimlaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham batafsil javoblar olishdi.
Xulosa qilib aytganda, press-tur mobaynida Jondor, Qorako‘l, Olot tumani IBB lar faoliyati misolida xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida kunu-tun sadoqat bilan xizmat qilayotgan tizim xodimlari tomonidan barcha sohaviy xizmatlarda olib borilayotgan ko‘lamli ishlar keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirildi. Qizg‘in va samarali kechgan mazkur press-tur ishtirokchilariga hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildirilib, Boshqarma boshlig‘i nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.