Buxoro viloyati IIB tomonidan Romitan va Peshku tuman Ichki ishlar bo‘limlari va uning quyi tizimlari faoliyatiga doir navbatdagi press-tur tashkil etildi
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlar, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida bugun, 6-may kuni “Boshliq bilan bir kun” loyihasi doirasida Romitan va Peshku tumanlari IIB boshliqlarining kundalik ish faoliyati, bo‘lim hamda uning quyi tizimlarida aholi va xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishga doir navbatdagi Press-tur tashkil etildi.
Dastlabki manzil Romitan tumani bo‘ldi. Bu yerda Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shaxob Hayitov aholi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda sohaviy xizmatlar xodimlarining xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, jamoat tartibi hamda yo‘l harakatini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar borasida maʼlumotlar berildi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish va Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi hamda viloyat IIB JXX YHXB Tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida bo‘lgan press-tur ishtirokchilari aholi va xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.
Press-tur tuman 3-sektor hududiga qarashli “Afrosiyob” MFYda davom etib, unda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida qabul qilingan 10-sonli qo‘shma qaror ijrosi yuzasidan mahalladagi “beshlik” vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishildi.
Shundan so‘ng viloyatimizning chekka hududlaridan sanalgan Peshku tumani tomon yo‘l olindi. Bu yerda press tur ishtirokchilarini Tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduhalil Nosirov qarshi oldi. Sutkalik naryadga jalb qilingan xodimlar ishtirokida navbatchilikni qabul qilish yuzasidan yo‘riqnomasi o‘tkazilib, saf ro‘yxati asosida xodimlarning xizmatga kelib ketishlari, hududda jinoyatchilikning ahvoli hamda sutka davomida sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatchilik holatlari yuzasidan masʼullarning axborotlari tinglandi.
Media tur ishtirokchilari xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar, sohaviy xizmatlar xodimlarining xizmat faoliyati, qabulxona hamda tergov va surishtiruv xonalari, u yerdagi innovatsion texnologiyalarning ishlash tartiblari bilan tanishtirildi.
So‘ngra migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari, Sport maydonchasi, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, xodimlarning bilim va malakasini oshirish borasida olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlari borasida maʼlumotlar berildi.
OAV vakillari jurnalist va mustaqil blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan mazkur press-tur davomida ichki ishlar bo‘limlarining ish faoliyati bilan tanishish barobarida ishtirokchilar soha xodimlaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham batafsil javoblar olishdi.
Xulosa qilib aytganda, press-tur mobaynida Romitan va Peshku tumani IIBlar faoliyati misolida xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida kunu-tun sadoqat bilan xizmat qilayotgan tizim xodimlari tomonidan barcha sohaviy xizmatlarda olib borilayotgan ko‘lamli ishlar keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirildi. Qizg‘in va samarali kechgan mazkur press-tur ishtirokchilariga hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildirildi.