11 Noyabr 2022 yil 689

Buxoro viloyati IIBda hududlarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini o‘rganish yuzasidan o‘tkazilgan kompleks tekshiruv yakunlariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi

Bugun, 11-noyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi majlislar zalida, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, Ichki ishlar bo‘lim va bo‘linma boshliqlari va masʼul xodimlar ishtirokida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev olib borib, joriy yilning 31 oktyabr kuni tasdiqlangan reja-topshiriq asosida viloyatning Vobkent, Romitan, G‘ijduvon, Shofirkon, Buxoro va Qorovulbozor tumanlari ichki ishlar organlarining kundalik ish faoliyati, rahbar va masʼul xodimlarning jinoyatchilikni oldini olish borasidagi tashabbuskorligi, yo‘l xaritalar bandlarining ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan kompleks o‘rganish natijalari, bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar tanqidiy muhokama qilindi.

Ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan shahar va tumanlar rahbarlari va masʼul xodimlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasidan ushbu tumanlarga biriktirilgan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, Jinoyat qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jamoat tartibini saqlash va Tashkiliy boshqarmalar rahbar va masʼul xodimlarining hisobotlari tinglanib, tekshiruv davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tushuntirishlari eshitildi..

Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, o‘ziga belgilab berilgan vazifalarni bajarishga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, samarali ish olib borgan xodimlarni rag‘batlantirish yuzasidan takliflar kiritilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq va manzilli topshiriqlar berildi va ijrosi alohida nazoratga olindi.

Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan barcha sohaviy xizmatlar, hududiy ichki ishlar organlari rahbar va masʼul xodimlari oxirgi marotaba qattiq ogohlantirilib, ijrochilik intizomiga qatʼiy rioya qilishlari, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etishlari lozimligi, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko‘rsatib, qo‘l ostidagi xodimlarga shaxsiy namuna ko‘rsatgan holda xizmatni tashkil etishlari talab qilindi.

Text to speech