Buxoro viloyati IIBda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda boshqarma rahbariyati, shaxsiy tarkib hamda faxriylar ishtirok etdilar.
Tadbir boshida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangraganidan so‘ng, boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonovning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi.
Bunda, mamlakatimizda har bir fuqaroning qonuniy haq-huquqlari bosh qomusimiz hisoblangan — Konstitutsiyada mustahkam belgilab berilganligi, yurtimizda barcha islohotlar «Inson qadri uchun» degan ezgu tamoyil asosida amalga oshirilayotganligi alohida eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan tub o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan islohotlar aynan bosh qomusimizning asosiy prinsip va qoidalari negizida amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Maʼlumki, o‘tgan davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy manzarasi butunlay o‘zgarib, erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylanib ulgurgan.
Bu esa, xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini ortishiga, turmush tarzining yaxshilanishiga, hududlarda tinchlik va osoyishtalikning taʼminlashiga xizmat qilmoqda.
Konstitutsiya kuni munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishoni taʼsis etilib, bugun mazkur mukofot bilan har bir soha vakillari kabi viloyatimiz ichki ishlar organlarining ham 49 nafar xodim hamda faxriysi munosib taqdirlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi kuch tuzilmalaridagi harbiy xizmatchi ayollar o‘rtasida “Vatan mehri yuragimda” shiori ostida o‘tkazilgan “To‘maris izdoshlari - 2022” tanlovidagi muvaffaqiyatli ishtiroki uchun 2 nafar ayol xodimalarga bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning “Tashakkurnoma”si o‘qib eʼlon qilindi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq 2 nafar xodimga navbatdagi “podpolkovnik” hamda 1 nafar xodimga “mayor” va 1 nafariga “leytenant” maxsus unvonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib, shaxsiy tarkib va soha faxriylarining eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.