Buxoro viloyati IIBda navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi o‘tkazildi
Bugun, 5-noyabr kuni Buxoro viloyati IIB apparati shaxsiy tarkibi bilan “O‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik tinchlik garovi” mavzusida navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi o‘tkazildi.
Mavzu yuzasidan Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Laylo Sharipova tomonidan maʼruza qilinib, xodimlarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Bunda asosiy eʼtibor shaxsiy tarkib o‘rtasida bag‘rikenglik, insonparvarlik xislatlarini shakllantirish, millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlikni, teng huquq va erkinliklar berish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi borasida so‘z yuritildi.
Shu kuni Buxoro viloyati IIBda O‘zbekiston Respublikasi IIV Birlashgan tahririyati tomonidan chop etilgan “Kadrlar xizmati fidoyilari” nomli kitob taqdimoti ham o‘tkazildi.
Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra ko‘plab soha xodimlarining uy-joy sotib olishiga moddiy jihatdan ko‘mak ko‘rsatilayotgani bois, Buxoro viloyati ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida xizmat qilayotgan 22 nafar xodimlariga ham ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishi uchun uy qiymatining 25 foizi miqdorida dastlabki badal to‘lovlari ajratilgan bo‘lib, tadbir davomida xodimlarning oila aʼzolariga maxsus sertifikatlar tantanali topshirildi.
Tadbirda viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Umid Utayev dastlabki badal to‘lovlari ajratilgan barcha xodimlarni, ularning ota-onalari va farzandlarini samimiy qutladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi Nizomning tegishli bandiga muvofiq 5 nafar xodimlar navbatdagi “podpolkovnik” va “leytenant” maxsus unvonlari bilan taqdirlandi.