Buxoro viloyati IIBda navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi o‘tkazildi
Bugun, 3-iyun kuni Buxoro viloyati IIB shaxsiy tarkibi bilan “Ichki ishlar orgnalari — xalqchil tuzilma” mavzusida navbatdagi maʼrifat darsi o‘tkazildi.
Mavzu yuzasidan viloyat IIB MM va KBTX masʼullari hamda Buxoro Muhandislik texnologiyalari instituti o‘qituvchisi Sheroz Temirov tomonidan maʼruza qilinib, xodimlarga batafsil maʼlumotlar berildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-yanvardagi PQ-10-sonli qarori bilan Ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini taʼminlash, mahallalar, aholi turar joylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, bir so‘z bilan aytganda, «Inson qadri uchun» tamoyilining hayotda to‘liq o‘z aksini topish maqsad qilingani taʼkidlandi.
Shuningdek, Ichki ishlar xodimlariga qo‘yiladigan asosiy talablar qatorida muomala madaniyatiga rioya etish, murojaat qilgan shaxsni eʼtibor bilan tinglash, qo‘pollik va loqaydlikka nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, holatga xolisona va vijdonan yondashish orqali shaxsiy namuna ko‘rsatishlari ham belgilab berilgani xususida aholida so‘z yuritildi.
Asosiy maqsad – ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish, tizimda o‘z kelajagiga yangicha qaraydigan, Vatanga va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalanayotgan, el-yurt xizmatiga shay, yuragi yonib, ko‘zlaridan o‘t chaqnab turgan tashabbuskor va fidoyi kadrlarni tayyorlash ekanligi aytib o‘tildi.
Tadbirning tantanali qismida Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida dzyudo bo‘yicha Ichki ishlar hamda Politsiya xodimlari o‘rtasida 17-marotaba o‘tkazilgan anʼanaviy xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etib, final bahslarida (-73 kg) vazn toifasida tengsiz deb topilib, faxrli 1-o‘rinni egallagan Buxoro viloyati IIB TVBSO xodimi Umid Abdullayevga boshqarma boshlig‘ining minnatdorligi bildirildi.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabr kunidagi PQ-3413-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq 7 nafar xodimga navbatdagi “podpolkovnik” maxsus unvoni ham topshirildi.