Buxoro viloyati IIBda navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bugun, 10-noyabr kuni joriy yilning 10 oyi davomida Buxoro viloyati IIB va uning quyi tizimlarida kadrlar bilan ishlash, xodimlarning kasbiy va jangovar tayyorgarligini oshirish, ichki ishlar organlari va taʼlim muassasalariga ishga hamda o‘qishga nomzodlarni qabul qilish tartibi, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohaga doir qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi, tizim faoliyatidagi muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanini boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Jalolov ochib berib, ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi.
Shundan so‘ng, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Maʼnaviy maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i podpolkovnik Umid Utayev anjuman kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.
Bunda, tizimda amalga oshirilgan chora-tadbirlar, ichki ishlar organlari xodimlarining ijobiy imijini oshirish, ularni “Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatini olib borayotgan xodimlar uchun yaratib berilgan ijtimoiy himoya tizimi, jumladan xodimlar va ularning oila aʼzolarini davolanishi uchun pul taʼminoti, sanatoriy va boshqa tibbiy muassasalarda davolanish va dam olish, uy-joyga ega bo‘lish yoki yashash sharoitini yaxshilash, moddiy yordam berish, xodimlarning farzandlariga davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun besh foizli kvota ajratilganligi, xizmatda samarali natijalarga erishgan xodimlarga yengil avtotransport vositalarini sotib olish qarz berish, bir martalik pul berish hamda sohada belgilangan vazifalar, tarbiyaviy va targ‘ibot-tashviqot ishlari, psixologik va ijtimoiy-huquqiy faoliyatlar, madaniy tadbirlar yo‘nalishida olib borilayotgan ko‘lamli chora-tadbirlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Taklif va mulohazalar bilan boy o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etgan OAV vakillari, jurnalist va mustaqil blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.