Buxoro viloyati IIBda navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida bugun, 27 yanvar kuni o‘tgan hisobot yilida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida olib borilgan profilaktik tadbirlar va ularning natijadorligi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha keng jamoatchilikka axborot berish, sohaga taalluqli muammoli savollarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanini boshqarma Axborot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Jalolov ochib berib, ishtirokchilarni kun tartibi bilan tanishtirdi.
Shundan so‘ng, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev anjuman kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.
Bunda, tizimda amalga oshirilgan chora-tadbirlar, ichki ishlar organlari xodimlarini “Xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga tatbiq etilishi orqali har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida barcha masalalar aniq yechimlari bilan belgilab berilgani taʼkidlandi.
Shu o‘rinda, tizimda, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar ongida “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan hayotiy tamoyilni qaror toptirish bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar joriy etilganiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Anjuman mobaynida boshqarma boshlig‘i va sohaviy rahbarlar tomonidan jinoyatlarning fosh etish, aniqlangan va oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar, tuman (shahar)larda jinoyatchilik salmog‘i, ayniqsa Axborot xavfsizligi sohasida sodir etilgan jinoyatlar, Probatsiya faoliyati, yo‘l harakati xavfsizligi faoliyati, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, xodimlarga nisbatan kelib tushgan murojaatlar tahlili, xizmat intizomi va qonunchilik yo‘nalishlarida olib borilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Taklif va mulohazalar bilan boy o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etgan OAV vakillari, jurnalist va mustaqil blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.