13 Fevral 2023 yil 668

Buxoro viloyati IIBda “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni” munosib qarshilandi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-10-son qarori tegishli bandi ijrosi yuzasidan xotin-qizlarning kasbiy faolligi va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan turli ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Shu jumladan, Buxoro viloyati IIB tomonidan Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda “Olima ayol — ilmli millat asoschisi” mavzusida navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.

Bunda, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hamkor tashkilotlar “Oqila ayollar” harakatining a’zolari faol ishtirok etishdi.

Tadbirda BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasiga koʻra 11-fevral — “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni” etib belgilangani munosabati bilan ilm-fanda ayollarning erishayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan yuksak e’tibor, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, olima va oqila ayollarga jamiyat tayanchi deya qaralishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, viloyatimizni har sohada faol xotin-qizlarning erishgan yutuqlari, muvaffaqiyatlari hamda bugun oilada, jamiyatda ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasi o‘laroq ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, xotin-qizlar va gender tenglik borasida qilingan ishlar haqidagi fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashildi.

Yakunda tadbir ishtirokchilariga Axborot-kutubxona markazi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Text to speech