Buxoro viloyati sektor rahbarlari tomonidan kuz qish mavsumini betalafot o‘tkazishga doir faoliyat olib borayotgan shtab faoliyati tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilandi
Avval xabar berganimizdek, ob-havoning keskin o‘zgarishi tufayli kommunal tizim va boshqa sohalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun, 11-yanvar kuni viloyat sektor rahbarlari tomonidan mazkur tezkor shtab, shuningdek shahar va tumanlar shtablari tomonidan anomal sovuq paytida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan taʼminlash, ayniqsa, elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir taʼminoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, bozorlardagi narx-navoning barqarorligi, jamoat transportidan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Bunda, mutasaddi rahbarlar tezkor shtabning aloqa tarmog‘iga aholidan kelib tushgan murojaatlar va ularning natijadorligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar bilan tanishib, hududiy shtablar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, muammolarni o‘rganish va energiya taʼminotidagi sodir bo‘lgan uzilishlar hamda avariya holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tanqidiy tahlil qilindi.
Masʼullarning bu borada olib borayotgan ishlari yetarli emasligi, bu esa o‘z navbatida aholining haqli eʼtirozlariga sabab bo‘layotganligi taʼkidlandi.
Shu o‘rinda, hududiy shtablar va mutasaddi boshqarmalarga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi, ko‘mir yoqilg‘isi va boshqa masalalar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni zudlik bilan hal etish, energotizimda sodir bo‘layotgan nosozliklarni tezkor bartaraf qilish, bozorlardagi narx-navoning barqarorligi, jamoat transportidan samarali foydalanishni taʼminlash choralarini ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.